Jahon | 20:35
1448
7 daqiqa o‘qiladi

BAA Pokistonning vositachiligidan nega norozi?

BAA va Pokiston o‘rtasidagi bugungi keskinlik tasodifiy holat emas. So‘nggi yillarda Eron, Saudiya Arabistoni va Isroil atrofidagi geosiyosiy jarayonlar Abu-Dabi va Islomobodning qarashlari o‘rtasidagi farqni yanada chuqurlashtirdi. Qalin iqtisodiy aloqalarga ega ikki musulmon o‘lkasi bugun geosiyosiy masalalarda ikki tomonda turib qoldi.

Mavzuga Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Shavkat Ikromov va Kamoliddin Rabbimov izoh berdi.

— Birlashgan Arab Amirliklari AQSh–Eron urushida Pokistonning vositachiligidan nega norozi?

Shavkat Ikromov: Bugungi keskin geosiyosiy vaziyat fonida eski ziddiyatlar ham yana yuzaga chiqmoqda. Muammoning ildizi 2025 yilda Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasida imzolangan mudofaa shartnomasiga borib taqaladi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, tomonlardan biriga tahdid yuzaga kelganda, ular birgalikda harakat qilishi kerak edi. Bu esa mintaqadagi kuchlar muvozanatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy harbiy hamkorlik sifatida baholandi.

Saudiya Arabistoni va BAA tashqi tomondan yaqin hamkor bo‘lib ko‘rinsa-da, Yamanda va ayrim Afrika hududlarida manfaatlar to‘qnashuvi sabab raqobat olib borayotgan edi. Shu bois Pokistonning Saudiya bilan yaqinlashuvi Abu-Dabida salbiy qabul qilindi. Shundan so‘ng BAA Pokistonga nisbatan bosim vositalarini asta-sekin kuchaytira boshladi.

Xususan, Pokiston iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan kreditlar va investitsiyalarning katta qismi aynan BAA tomonidan ajratilgan edi. Turli manbalarda qarz miqdori 2,5–3,5 milliard dollar atrofida ekani aytiladi. Hozir Abu-Dabi ushbu mablag‘larni qaytarish masalasini faol ko‘tarmoqda. Bu paytda Pokiston iqtisodiyoti og‘ir davrni boshdan kechirmoqda. Xalqaro iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, mamlakat moliyaviy bosim ostida qolmoqda va qarzlarni tezda qaytarish imkoniyati cheklangan. Pokiston parlamentidagi ayrim bayonotlar esa BAAdagi norozilikni yanada kuchaytirdi.

BAA keyingi yillarda mintaqadagi xavfsizlik siyosatini ham qayta shakllantirdi. Pokiston–Saudiya yaqinlashuviga javoban Abu-Dabi Hindiston bilan aloqalarni mustahkamladi, Isroil bilan ham harbiy va texnologik hamkorlikni kengaytirdi. Hatto Eron bilan keskinlik kuchaygan pallada Isroilning “Temir gumbaz” tizimi va mutaxassislari ham BAAga yuborilgan. Bundan tashqari, Amirliklar Janubiy Koreya, Braziliya va boshqa davlatlardan ham zamonaviy mudofaa tizimlarini xarid qilgan.

Hozirgi norozilikning eng yuqori nuqtasi esa Pokistonning Eron bilan bog‘liq vositachilik jarayonlarida kuzatildi. Islomoboddagi muzokaralarga Saudiya Arabistoni va Qatar vakillari jalb etilgan bo‘lsa-da, BAA vakillarining chetda qolishi Abu-Dabida salbiy taassurot uyg‘otdi. Amirliklar o‘z manfaatlari va pozitsiyasi hisobga olinmaganini ta’kidlamoqda.

Bundan tashqari, AQSh ham Pokistonning vositachilik uslubidan to‘liq mamnun emasligi haqida signal bermoqda. Vashingtondagi ayrim bayonotlarda Islomobod Eronning pozitsiyasini yumshoq shaklda yetkazayotgani, AQSh talablarini esa yetarlicha qat’iy ifoda etmayotgani aytilmoqda.

Shu jihatdan, BAAning noroziligi AQShdagi ayrim qarashlar bilan parallel ravishda shakllanmoqda. Umuman olganda, BAA va Pokiston o‘rtasidagi bugungi sovuqlik uzoq yillik geosiyosiy ziddiyatlarning davomi hisoblanadi. Agar bu jarayon yanada chuqurlashsa, eng katta iqtisodiy zararni aynan Pokiston ko‘rishi mumkin. Chunki BAA hududida millionlab pokistonlik mehnat muhojirlari faoliyat yuritadi va Amirliklar Pokiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritayotgan asosiy davlatlardan biri sanaladi.

Kamoliddin Rabbimov: So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Eron o‘zining ayrim razvedka samolyotlarini AQSh zarbalaridan himoya qilish maqsadida Pokiston hududiga ko‘chirgan.

Masalaning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, Pokiston hanuzgacha Isroilni rasman tan olmagan davlatlardan biri hisoblanadi. Islomobod uzoq yillardan beri Falastin masalasi hal etilmaguncha Isroilni tan olmaslik pozitsiyasida turibdi.

Shu bilan birga, Pokistonning Eron masalasidagi yondashuvi murakkab va ikki tomonlama xarakterga ega. Bir tomondan, Islomobod ayrim geosiyosiy va mazhabiy omillar sabab Eronni o‘ziga to‘liq yaqin davlat sifatida ko‘rmaydi. Pokiston aholisining katta qismi shialardan iborat ekani ham bu masalani ichki xavfsizlik nuqtayi nazaridan hushyor bo‘lishga undaydi.

Boshqa tomondan esa, Pokiston Isroilni strategik raqib sifatida qabul qiladi. AQSh bilan esa ehtiyotkor pragmatik munosabat yuritishga harakat qiladi. Islomobod Vashington bilan ochiq qarama-qarshilikdan qochib, diplomatik muvozanatni saqlashga intiladi. Shu sababli AQSh siyosiy doiralarida Pokiston ko‘pincha “murakkab o‘yin qoidalariga ega davlat” sifatida baholanadi.

Bu holat yangi emas. Hatto 11 sentabr voqealaridan keyin ham, general Parvez Musharraf davrida Vashingtonning Pokistonga nisbatan ishonchi jiddiy pasaygan edi. Bir vaqtlar AQSh Pokistonni milliardlab dollar harbiy va moliyaviy yordam bilan qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, keyinchalik bu yordamlarning katta qismi qisqartirilgan.

Bugungi vaziyatda esa Pokiston rasmiy jihatdan neytral vositachi sifatida ko‘rinishga harakat qilmoqda. Biroq ko‘plab kuzatuvchilar Islomobod diplomatiyasi amalda Eronga nisbatan ohista yon bosishini ta’kidlamoqda. Xususan, Pokiston rahbariyati urush o‘rniga muzokaralarni davom ettirish zarurligini faol targ‘ib qilmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklari Pokistonni to‘liq xolis vositachi deb hisoblamaydi. Chunki Pokistondagi muzokaralarga mojaroning asosiy tomonlaridan biri bo‘lgan Isroil taklif etilmagan. BAA ham ushbu jarayonlardan chetda qolmoqda.

Buning asosiy sababi esa aniq: Pokiston Isroilni rasman tan olmagani uchun uni muzokaralarga taklif qilishi siyosiy jihatdan deyarli imkonsiz. Shu bois BAA Pokiston diplomatiyasini muvozanatli emas, balki Eronga nisbatan yaqinroq pozitsiyada deb baholamoqda.

Bundan tashqari, BAA bugungi arab dunyosida Isroil bilan eng yaqin aloqalarga ega davlat hisoblanadi. Ayniqsa Donald Tramp birinchi prezidentlik davrida Abu-Dabining Isroilni tan olishi Pokistonda jiddiy norozilik uyg‘otgan edi. Islomobod o‘sha paytda arab davlatlarini Falastin masalasi to‘liq hal bo‘lmasidan turib Isroil bilan yaqinlashishda ayblagan. Shu sababli bugungi mojaro faqat diplomatik vositachilik bilan bog‘liq emas. Bu yerda mintaqadagi eski geosiyosiy raqobat, xavfsizlik manfaatlari va Isroil masalasiga oid qarama-qarshi pozitsiyalar ham o‘zaro kesishmoqda.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid