Sport | 21:19 / 16.05.2026
4486
2 daqiqa o‘qiladi

Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan yana bir sovrinni qo‘lga kiritdi

«Shaharliklar» Angliya Kubogi finalida «Chelsi»ni mag‘lub etdi. Fevral oyida jamoa Liga Kubogini ham qo‘lga kiritgan edi.

Foto: tribuna.uz

«Manchester Siti» klubi Angliya Kubogi finalida «Chelsi»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Yagona golni 72-daqiqada Antuan Semeno urdi.

O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda tushib, o‘yin oxirigacha harakat qildi.

Bu «Manchester Siti» klubining mavsumdagi ikkinchi sovrini bo‘ldi. Fevral oyida jamoa Liga Kubogida g‘alaba qozongan edi.

«Manchester Siti» umumiy hisobda 8-marta Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Liverpul», «Chelsi» va «Tottenhem» bilan tenglashdi. Ushbu sovrinni eng ko‘p marta «Arsenal» qo‘lga kiritgan – 14. «Manchester Yunayted» hisobida 13 ta Kubok bor.

Shu bilan birga, «shaharliklar» ayni paytda Angliya Premer Ligasi g‘olibligi uchun ham kurashmoqda. Turnir yakunlanishiga 2 tur qolganida Pep Gvardiola shogirdlari peshqadam «Arsenal»da ikki ochko ortda bormoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid