Ko‘chmas mulk | 08:25
1061
3 daqiqa o‘qiladi

Parijda shakli “o‘zgaruvchi” osmono‘par bino qurilishi davom etmoqda

Fransiya poytaxti Parijda Shveytsariyaning Herzog & de Meuron arxitektura byurosi tomonidan loyihalashtirilgan mashhur Tour Triangle osmono‘par binosi o‘zining maksimal - 180 metr balandligiga yetdi.

Foto: Herzog & de Meuron

42 qavatli yangi minora Parij hududidagi balandligi bo‘yicha uchinchi binoga aylandi. U faqat Montparnasse Tower va Eiffel Tower'dan past hisoblanadi.

2023 yilda Parij meri Ann Idalgo shaharda osmono‘par binolar qurilishiga taqiqni qayta joriy etgani sababli, Tour Triangle uzoq vaqt ushbu maqomni saqlab qolishi mumkin.

Herzog & de Meuron vakillari ijtimoiy tarmoqlarda binoning loyihaviy balandlikka yetganini ma’lum qilib, uni “hamma uchun makon” deb atagan.

“Bino to‘liq balandlikka yetdi va uning silueti Parij panoramasida o‘z o‘rnini egalladi — shahar o‘qlari va tarixiy yodgorliklar orasida yangi qiyofa paydo bo‘ldi”, — deyiladi arxitektorlar bayonotida.

Arxitektorlar fikricha, mazkur loyiha Parij tarixi markazi bilan “Katta Parij” hududini bog‘lovchi muhim nuqtaga aylanadi.

Trapetsiya shaklidagi Tour Triangle shunday loyihalashtirilganki, Parij markazidan qaralganda u ingichka vertikal minora sifatida ko‘rinadi, sharq va g‘arb tomondan esa uchburchak shakli to‘liq namoyon bo‘ladi.

Mualliflar ta’kidlashicha, bunday geometriya nafaqat o‘ziga xos siluet yaratadi, balki ichki xonalardan manzarani yaxshilaydi va qo‘shni binolarga tushadigan soyani qisqartiradi.

Bino ichida mehmonxona, ofislar, do‘konlar, restoranlar va konferensiya markazi joylashadi. Fasadning janubiy qismi esa quyosh energiyasi ishlab chiqaruvchi fotoelektrik panellar bilan qoplanadi.

Loyiha tarixi qariyb 20 yilni qamrab oladi. Herzog & de Meuron ushbu minora ustida ishni 2006 yilda boshlagan. Biroq Parijda baland binolar qurilishi doim keskin bahslarga sabab bo‘lib kelgani uchun, loyiha ko‘plab sud jarayonlari, jamoatchilik noroziligi va kelishuvlardan o‘tgan.

Natijada qurilish ishlari faqat 2022 yilda boshlangan.

Tour Triangle loyihasi arxitektor Jean Nouvel tomonidan ishlangan Tours Duo minoralari bilan birga Parijda balandlik bo‘yicha qat’iy cheklovlarni qayta tiklashga sabab bo‘lgan omillardan biri sifatida qaralmoqda.

Ma’lumot uchun, Parijda 1977–2010 yillarda binolar balandligi 37 metr bilan cheklangan edi. Keyinchalik shaharning sobiq meri Bertrand Delanyo bu taqiqni bekor qilib, 180 metrli ofis binolari va 50 metrli turar joylar qurilishiga ruxsat bergan.

Keyinroq Ann Idalgo shaharning “bioiqlim strategiyasi” doirasida ushbu cheklovlarni qayta tikladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu reja global isish tezlashayotgan sharoitda Parijni kelgusi yillarda ham “jozibador va qulay” shahar sifatida saqlab qolishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid