Jahon | 18:56 / 13.05.2026
2439
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada yana bir kruiz kemasi virus tufayli izolyatsiya qilindi

Fransiya hukumati norovirus tarqalishidan so‘ng Ambition kruiz laynerini izolyatsiya qildi.

Foto: Peter Titmuss/Alamy

Fransiya hukumati 90 yoshli yo‘lovchi norovirusdan vafot etganidan keyin Bordo shahrida to‘xtagan Ambition kruiz laynerida 1,7 mingdan ortiq odamni izolyatsiya qildi, deb yozdi France24.

Rasmiylarning nashrga ma’lum qilishicha, Irlandiya va Buyuk Britaniyadan 1233 yo‘lovchi bo‘lgan Ambassador Cruise Line kemasi 12 may kuni Bordo g‘arbiy portiga yetib kelgan. Fransiya sog‘liqni saqlash idoralari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, layner yo‘lovchilaridan biri - 90 yoshli erkak vafot etgan, 50 ga yaqin kishida esa norovirus alomatlari paydo bo‘lgan.

Norovirus — o‘ta yuqumli virus bo‘lib, o‘tkir gastroenterit, ya’ni oshqozon va ichakning yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi. U ko‘pincha ifloslangan mahsulotlar, suv yoki kasal odam bilan bevosita aloqa qilish orqali yuqadi. Virus tashqi muhitda o‘ta yashovchanligi va yuqtirish uchun yetarli bo‘lgan juda kichik dozasi bilan ajralib turadi.

Norovirus infeksiyasining asosiy belgilariga to‘satdan ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi va qorin og‘rig‘i, shuningdek, ba’zan isitma va tananing og‘rishi kiradi. Maxsus davolash usuli yo‘q - terapiya suvsizlanishning oldini olish uchun suyuqlik va elektrolitlarni to‘ldirishdan iborat.

Kema 6 may kuni Shetland orollarini (Shotlandiyadagi arxipelag) tark etib, Shimoliy Irlandiyadagi Belfast, Buyuk Britaniyadagi Liverpul va Fransiyadagi Brestga kirib, Bordoga kelib to‘xtadi, u yerdan Ispaniyaga yo‘l olishi kerak edi.

May oyi boshida Argentinadan Kabo-Verdega yo‘l olgan MV Hondius kruiz kemasida hantavirus tarqalishi qayd etilgan edi. «Nolinchi» bemor Janubiy Amerika bo‘ylab sayohat paytida kasallikni yuqtirib olgan.

10 may kuni layner Tenerifega yetib keldi, yo‘lovchilarning bir qismi evakuatsiya qilindi - ularning barchasi Ispaniya fuqarolari edi. Keyin Niderlandiya, Turkiya, Fransiya, AQSh va Buyuk Britaniyadan kelgan yo‘lovchilar kemani tark etdi. Ertasi kuni yo‘lovchilarni evakuatsiya qilishda ishtirok etgan Ispaniya fuqaro gvardiyasi xodimi yurak xurujidan vafot etdi.

Keyinroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adanom Gebreyyesus mamlakatlarni hantavirusning yangi holatlariga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, rasmiylar JSST tavsiyalariga qat’iy rioya qilishi kerak, jumladan, 42 kunlik karantin va xavf guruhidagi odamlarning salomatligini doimiy nazorat qilish. Shu bilan birga, JSST hantavirus bilan bog‘liq holat pandemiyaga aylanmasligi haqida bir necha bor bayonot berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid