Sport | 11:01
3445
6 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» g‘alabali seriyani davom ettirdi va chempionlikka yaqinlashdi

Londonliklar bugunning o‘zida muddatidan oldin chempion bo‘lishi mumkin.

Foto: Julian Finney/Getty Images

«Arsenal» – «Byornli» 1:0
Gol:
Havers, 37 (1:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Inkapiye, 72), Moskera, Rays, Eze (Lyuis-Skelli, 73), Edegor (Subimendi, 90+3), Trossar (Martinelli, 90+3), Saka, Havers (Yokeresh, 73)
«Byornli»: Vays, Estev (Xamfris, 82), Tuanzebe, Lukas Pires, Uoker, Ugochukvu (Loran, 71), Florentinu (Uord-Prouz, 78), Mejbri (Amduni, 70), Entoni, Chauna (Brun Larsen, 82), Flemming
Ogohlantirishlar: Havers, 67 – Mejbri, 28. Flemming, 90. Lukas Pires, 90

«Arsenal» chempionlik tituli sari yana bir qadam tashladi. APLning 37-turida Mikel Arteta jamoasi o‘z uyida «Byornli» ustidan kichik hisobda g‘alabaga erishdi. Endi «Manchester Siti» bilan oradagi farq – besh ochkoni tashkil etmoqda, seshanba oqshomida «Siti» «Bornmut» bilan safarda kechadigan o‘yinda ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, «kanonirlar» muddatidan oldin chempionlikni nishonlashi mumkin.

APLni allaqachon tark etgan va bu turga 10 o‘yindan iborat g‘alabasiz seriya bilan yetib kelgan raqib «Arsenal»ga qandaydir muammo tug‘dirishi kutilmayotgandi. Shunga qaramay o‘yin «Byornli»ning xavfli hujumlari bilan boshlandi. Debyutda mehmonlar bir necha burchak zarbalari ishlashdi, ammo bu vaziyatlardan hech narsa chiqara olishmadi.

Keyin esa Arteta shogirdlari to‘p nazoratini qo‘lga olishdi va birinchi bo‘lim o‘rtalariga borib o‘yinning 80 foiz vaqtida to‘pga egalik qilishdi. «Arsenal» sardori Edegor o‘z sheriklari uchun ketma-ket vaziyatlar yaratishdi, ammo hujumlarni yakunlashda aniqlik yetishmadi. Shu kuni mezbonlarning qanot himoyasida tushgan Kalafiori va Moskera muntazam ravishda raqib jarima maydoni atrofida uyushtirilgan kombinatsiyalarda ishtirok etishdi.

«Arsenal» vaqt o‘tgan sayin bosimni oshirdi. Havers bir necha vaziyatdan foydalana olmadi. Trossar esa qanotdan markaz tomon reyd uyushtirib, xavfli zarba berdi, ammo to‘p ustunga bordi. Keyingi vaziyatda Saka qanotdan oshirilgan to‘pni darvoza to‘riga kiritib yuborishi mumkin edi, ammo to‘pni tepish o‘rniga ortdan kelgan raqibning oyog‘iga qoqilib yiqildi. Mezbonlar penalti talab qilishdi, o‘yin bosh hakami Tirni esa bu vaziyatda fol yo‘q deb topdi, VAR ham uning qarorini qo‘llab-quvvatladi.

«Byornli» esa deyarli hujumga o‘tmadi. Jamoaning eng xavfli chiqqan qarshi hujumi Hannibal vaziyatni yo‘qqa chiqarishi bilan yakunlandi. Bo‘lim yakuniga qarab borayotganida esa «Arsenal» burchak zarbasidan navbatdagi golini urdi. Saka to‘pni kerakli nuqtaga ideal tarzda yetkazib berdi, Havers esa darvozabon hududida barchadan baland sakrab, bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. «Byornli» darvozaboni Vays to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ygandi.

Tanaffusdan keyin «Byornli» himoya chizig‘ini yuqoriroq chiqardi, «Arsenal» esa o‘yinni quritishga kirishdi. Ammo 51-daqiqada Eze olov bilan o‘ynashib, maydonning o‘z jamoasi darvozasi joylashgan tomonida to‘p yo‘qotdi va xavfli vaziyatga sababchi bo‘ldi. Mehmonlarning qarshi hujumi Entonining xavfli zarbasi bilan yakunlandi. Qo‘shimchasiga ushbu epizodda Flemming jarima maydoni ichida yiqilib, penalti talab qildi. Referi unga ham ishonmadi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida esa o‘yindagi eng bahsli epizod ro‘y berdi. Havers ortdan Ugochukvuning boldir qismiga zarba berdi. Tirni bu vaziyatda germaniyalik hujumchini ayadi va sariq kartochka ko‘rsatish bilan cheklandi, VAR ham uning qarorini qo‘llab-quvvatladi. Biroz o‘tib APL rasmiy sahifasida bu qaror Kayning harakati o‘ta qo‘pol bo‘lmagani bilan izohlandi.

Shundan keyin darhol Arteta Haversni maydondan olib, Yokereshni tushirdi.

O‘yin oxiriga kelib «Byornli»da yakuniy shturm uyushtirish uchun kuch qolmagandi va «Arsenal» o‘yinni nazorat qilib, g‘alabali hisobni ushlab qoldi. Mezbonlar o‘yin davomida 13 bor zarba berishdi (shundan uchtasi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan), «Byornli»da jami beshta zarba, darvoza sohasiga borgan birorta zarba yo‘q.

Shu tariqa, «Arsenal» «Siti» maydonida uchralgan mag‘lubiyatdan keyin qatorasiga to‘rt o‘yinda g‘alaba qozondi va bu o‘yinlarning birortasida gol o‘tkazib yubormadi. Endi jamoa mavsum yakuniga bir tur qolganida 82 ochko bilan peshqadamlikni davom ettirmoqda. Hisobida 77 ochko bo‘lgan «Siti» esa 37-tur o‘yinini bugun o‘tkazadi va «Bornmut» maydonida ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, «Arsenal» muddatidan oldin chempionlikka erishadi. Agar «Siti» ham bu turda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, jamoalar orasidagi farq ikkitaga qisqaradi va barchasi so‘nggi turga qoladi.

APLning 38-turida «Arsenal» safarda «Kristal Pelas» mehmoni bo‘ladi, «Siti» esa «Aston Villa»ni qabul qiladi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid