Jamiyat | 23:50 / 19.05.2026
559
1 daqiqa o‘qiladi

Navoiydagi konda yashirincha oltin qazish bilan shug‘ullangan guruh ushlandi

Navoiy viloyatida oltin qazib olish bilan noqonuniy ravishda shug‘ullangan uyushgan guruh qo‘lga olindi.

Foto: IIB

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, Xatirchi tumanining «Oqtepa» mahallasida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan O.B. o‘z atrofiga 1988–2007 yillar oralig‘ida tug‘ilgan bir guruh yoshlarni birlashtirgan. Mazkur guruh Xatirchi tumanidagi Oltinsoy tog‘ tizmalarida ruxsatnomasiz, qo‘lbola usulda oltin qazish bilan muntazam shug‘ullangan.

Navoiy viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida guruh a’zolari jinoiy faoliyat ustida qo‘lga olingan. Hodisa joyidan xo‘jalik buyumlari va qazish ishlari uchun foydalanilgan uskunalar olib qo‘yilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi 2-qismi (yerdan, yerosti boyliklaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid