Jahon | 09:01 / 25.05.2026
2625
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada uy-joy inqirozi: ijarachilar ko‘chalarga chiqdi

Ispaniya poytaxti Madridda o‘n minglab odam uy-joy ijarasi narxlarining keskin oshishiga qarshi norozilik aksiyasiga chiqdi. Namoyish ishtirokchilari ijara narxlarini pasaytirish va uy-joy siyosatida islohotlar o‘tkazishni talab qildi.

Foto: Richard Zubelzu/ZUMA/picture alliance

Mahalliy Ijarachilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan aksiyada, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 23 mingdan 100 ming nafargacha odam ishtirok etgan.

Namoyish “Uy-joy hayotimizga qimmatga tushmoqda. Narxlarni tushiraylik” shiori ostida o‘tkazildi. Qatnashchilar muddatsiz ijara shartnomalarini qaytarish, ijara haqini kamaytirish, shuningdek minimal ish haqi va pensiyalarni 1500 yevrogacha oshirishni talab qildi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yilda Madridda uy ijarasi narxlari 50 foizdan ziyodga oshgan. Hozirda shaharda kvartira ijarasining o‘rtacha oylik qiymati 1500 yevrodan oshib ketgan.

Ijarachilar uyushmasiga ko‘ra, ayrim oilalar daromadining 70 foizdan ortig‘ini uy-joy uchun sarflashga majbur bo‘lmoqda. Namoyishchilar bu holatda ko‘chmas mulk egalari, investitsiya fondlari, agentliklar va davlat siyosati aybdor ekanini aytmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Madriddagi aksiya iyun oyida Ispaniyaning 24 shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan norozilik namoyishlarining boshlanishi hisoblanadi.

Ijarachilar uyushmasi vakili Alisiya del Rio fuqarolik bo‘ysunmasligiga chaqirib, mamlakatdagi ijara tizimini “ijara biznesi diktaturasi” deb atadi.

Ispaniya hukumati esa uy-joy muammosini mamlakatda turistlar oqimining keskin ortishi bilan bog‘lamoqda. Xususan, qisqa muddatli ijara xizmatlarining ko‘payishi mahalliy aholi uchun uzoq muddatli ijara uylarini topishni qiyinlashtirgan.

Shu munosabat bilan Barselona shahrida 2029 yilgacha turistik kvartiralarni bosqichma-bosqich bekor qilish taklif qilingan. Madrid ma’muriyati ham bunday uylar sonini qisqartirishni rejalashtirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid