Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘g‘itlar inqirozi, logistika va proteksionizm: oziq-ovqat narxlari nega oshib boryapti?
Neft va gaz bozoridagi beqarorlik nafaqat yonilg‘i narxlari, balki global oziq-ovqat xavfsizligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti. Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi inqiroz tufayli o‘g‘itlar ishlab chiqarish va yetkazib berishdagi uzilishlar qishloq xo‘jaligi xarajatlarini keskin oshirib yubordi. Bu esa global miqyosda oziq-ovqat narxlarining qimmatlashishi va kelgusi hosil hajmlarining qisqarishi haqidagi xavotirlarni kuchaytiryapti.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Birinchidan, global miqyosda o‘g‘itlar tanqisligi kuzatilyapti. Azotli o‘g‘itlar ammiakdan tayyorlanadi, uni ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo esa tabiiy gazdir. Tabiiy gaz azotli o‘g‘itlar tannarxining 70 foizdan 80 foizgacha qismini tashkil qiladi. Qatardan gaz yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli narx keskin oshib ketdi. Bu esa Yevropa va Osiyodagi o‘g‘it ishlab chiqaruvchi zavodlarda ishlab chiqarishning qisqarishiga yoki to‘xtashiga sabab bo‘ldi.
Bundan tashqari, fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish uchun ham ammiak va ulkan hajmdagi oltingugurt kerak. Paradoks shundaki, Yaqin Sharq mamlakatlari dunyodagi eng yirik oltingugurt eksportchilari hamdir. Ushbu o‘ta muhim kimyoviy moddalarning katta qismi, xususan, oltingugurt savdosining deyarli yarmi aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berilgan. Inqiroz boshlangach, Qatar portlarida minglab tonna o‘g‘itlar qamalga tushib qoldi. Shu sababli fermerlar 2026 yilda bug‘doy maydonlarini qisqartirib, o‘g‘it talab qilmaydigan arzonroq ekinlarga o‘tishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchaydi. Umuman olganda, Jahon banki 2026 yil yakunlari bo‘yicha o‘g‘itlar narxi 30 foizdan ziyodroq oshishini prognoz qilyapti.
Ikkinchidan, logistika xarajatlari qimmatlashib ketdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi neftga boy Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi va Arab dengizi bilan bog‘lovchi asosiy suv yo‘lidir. Uning strategik ahamiyati bebaho: har kuni bo‘g‘oz orqali 20 million barreldan ortiq neft o‘tadi, bu jahon bo‘ylab dengiz orqali savdo qilinadigan neftning qariyb 25 foiziga teng. Shuningdek, global suyultirilgan tabiiy gazning beshdan bir qismi ham Ho‘rmuz orqali tashilgan. Bo‘g‘ozning yopilishi kemalarni uzoqroq yo‘nalishlar bo‘ylab aylanib o‘tishga majbur qilyapti. Bu nafaqat yoqilg‘i sarfini oshirdi, balki urush hududi bo‘lganligi sababli dengiz transporti sug‘urtasi narxlarini ham keskin qimmatlashtirib yubordi.
Uchinchidan, proteksionizm kuchayyapti. Dunyodagi eng yirik o‘g‘it ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Xitoy qat’iy eksport kvotalarini joriy qildi. Tabiiy gaz taqchilligiga yuz tutayotgan Misr esa gazni kimyo zavodlaridan elektr stansiyalariga majburan yo‘naltiryapti va azotli o‘g‘itlar eksportini qisqartirishni rejalashtirgan. Hindiston va Pokiston kabi yirik qishloq xo‘jaligi davlatlari subsidiyalash mexanizmlaridan foydalanyapti. Bu esa global talabni rag‘batlantirib, narxlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin. Natijada subsidiya to‘lash uchun budjeti bo‘lmagan Afrika va Lotin Amerikasining kambag‘al davlatlari bozordan o‘ta qimmat narxlarda o‘g‘itlar sotib olishda muammoga duch keladi.
Oziq-ovqat narxlari oshishi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti Ho‘rmuz bo‘g‘ozining 6–12 oy davomida blokada qilinishi sababli dunyo oziq-ovqat inqiroziga yuz tutishi mumkinligi haqida ogohlantirish bilan chiqdi. Oziq-ovqat mahsulotlari uch oydan beri qimmatlayapti. Narx dinamikasiga ob-havo xatarlari, energiya qimmatlashuvi va logistikadagi uzilishlar kuchli ta’sir ko‘rsatyapti. Bug‘doy bahosi oshgan. Bunga o‘g‘itlar narxining qimmatlashishi hamda AQShning ayrim hududlaridagi qurg‘oqchilik xavfi va Avstraliyada yog‘ingarchilik me’yordan past bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab bo‘lyapti. Go‘sht narxlari oylik hisobda 1,2 foizga, yillik hisobda esa 6,4 foizga o‘sdi va yangi rekord ko‘rsatkichni qayd etdi.
Neft narxlarining qimmatlashishi o‘simlik yog‘idan olinadigan bioyoqilg‘iga bo‘lgan talabni oshirib yubordi. Natijada oziq-ovqat sanoati va kundalik iste’mol uchun mo‘ljallangan o‘simlik yog‘i narxlari global miqyosda ko‘tarilib boryapti. Jumladan, aprel oyida o‘simlik moylari narxi indeksi 5,9 foizga oshib, 2022 yil iyulidan beri eng yuqori darajaga yetdi.
Hozirda eng katta tahdid o‘g‘it yetishmovchiligi sababli keyingi mavsumlarda olinadigan hosilning kamayishidir. Agar bu tendensiya davom etsa, oziq-ovqat taqchilligi va qimmatlashuvi qisqa muddatli inqirozda uzoq yillik muammoga aylanishi mumkin.
Mavzuga oid
09:01 / 25.05.2026
Ispaniyada uy-joy inqirozi: ijarachilar ko‘chalarga chiqdi
20:32 / 12.05.2026
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida yagona markazlashgan tizim yaratiladi
18:38 / 12.05.2026
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tuzildi. Unga Azizbek Urunov rais bo‘ldi
07:47 / 15.04.2026