Texnologiya | 08:22
969
3 daqiqa o‘qiladi

Somon yo‘liga eng yaqin 5 ta galaktika

Olimlar ma’lumotlariga ko‘ra, koinotda yuz milliardlab galaktikalar mavjud. Yer sayyorasi joylashgan Somon yo‘liga eng yaqin qo‘shnilar esa asosan kichik galaktikalar hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu galaktikalar Yerdan 25 ming yorug‘lik yilidan 2,5 million yorug‘lik yiligacha bo‘lgan masofada joylashgan.

Eng yaqin obektlardan biri — Katta It yulduz turkumidagi karlik galaktikasi bo‘lib, u 2003 yilda xalqaro astronomlar guruhi tomonidan kashf etilgan. Dastlab u Yerga eng yaqin galaktika deb hisoblangan. U taxminan 25 ming yorug‘lik yili masofada joylashgan. Biroq keyingi tadqiqotlarda bu obekt alohida galaktika emas, balki Somon yo‘lining tashqi qismi bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Agar ushbu obekt hisobga olinmasa, Somon yo‘liga eng yaqin tasdiqlangan galaktika O‘qotar karlik galaktikasi hisoblanadi. U Yerdan taxminan 70 ming yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. Hozirda u Somon yo‘lining tortish kuchlari ta’sirida asta-sekin parchalanmoqda.

Shuningdek, 2006 yilda aniqlangan Segue 1 galaktikasi ham olimlarda katta qiziqish uyg‘otgan. U Yerdan 75 ming yorug‘lik yili uzoqlikda bo‘lib, deyarli faqat qora moddadan tashkil topgani taxmin qilinadi. Olimlar uni ilk koinotning “saqlanib qolgan izi” deb atamoqda.

Katta Magellan Buluti esa Somon yo‘lining eng yirik yo‘ldosh galaktikasi hisoblanadi. U Yerdan taxminan 163 ming yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan va unda 20 milliardga yaqin yulduz mavjud. Olimlar fikricha, uning tortish kuchi Somon yo‘lining harakatiga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Ro‘yxatdagi eng mashhur obektlardan biri — Andromeda galaktikasi. U Somon yo‘liga eng yaqin yirik spiral galaktika bo‘lib, Yerdan taxminan 2,5 million yorug‘lik yili masofada joylashgan. Andromedada qariyb bir trillion yulduz borligi aytilmoqda.

Olimlar ma’lumotiga ko‘ra, Somon yo‘li va Andromeda bir-biriga yaqinlashmoqda. Ilgari ularning kelajakda to‘qnashishi aniq deb hisoblangan bo‘lsa, yangi tadqiqotlar bu ehtimol taxminan 50 foizni tashkil qilishini ko‘rsatgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid