Jahon | 08:51
837
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda eng ko‘p po‘lat ishlab chiqarayotgan davlatlar ma’lum qilindi

Po‘lat dunyo sanoatidagi eng muhim materiallardan biri bo‘lib qolmoqda. Qurilish, infratuzilma, avtomobilsozlik va ishlab chiqarish sohalarida unga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib, eng ko‘p po‘lat ishlab chiqarayotgan davlatlar jahon iqtisodiyotida katta o‘rin egallamoqda.

Foto: AP

World Steel Association ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda jahon bo‘yicha xom po‘lat ishlab chiqarish hajmi 1,849 milliard tonnani tashkil etgan.

Reytingda Xitoy mutlaq yetakchilikni saqlab qoldi. Mamlakat bir yilda 960,8 million tonna po‘lat ishlab chiqarib, jahon umumiy hajmining 52 foizini ta’minlagan. Bu ko‘rsatkich keyingi o‘n ikki yirik ishlab chiqaruvchi davlat umumiy hajmidan ham yuqori.

Mutaxassislarga ko‘ra, Xitoyning bunday ustunligi yirik qurilish bozori, kuchli eksport sanoati va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq.



Ikkinchi o‘rinni 164,9 million tonna po‘lat ishlab chiqargan Hindiston egalladi. Mamlakatda urbanizatsiya va infratuzilma loyihalari kengayishi metallurgiya sohasining o‘sishiga turtki bermoqda.

AQSh va Yaponiya esa mos ravishda 82 million va 80,7 million tonna po‘lat ishlab chiqargan. Shuningdek, Janubiy Koreya, Rossiya, Germaniya va Italiya ham yirik ishlab chiqaruvchilar qatorida qolmoqda.

Shu bilan birga, rivojlangan davlatlar hozirda ishlab chiqarish hajmini oshirishdan ko‘ra, metallurgiyani modernizatsiya qilish va ekologik texnologiyalarga o‘tishga katta e’tibor qaratmoqda. Xususan, elektrodugali pechlar va vodorod asosida po‘lat ishlab chiqarish texnologiyalariga investitsiyalar ko‘paymoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid