Jahon | 08:58 / 29.05.2026
1685
2 daqiqa o‘qiladi

Latviyada yangi hukumat ish boshladi

Latviya parlamenti mamlakatning yangi hukumatini tasdiqladi. Bosh vazir lavozimiga 47 yoshli siyosatchi Andris Kulbergs tayinlandi. Yangi hukumat mamlakatda ukrain dronlari bilan bog‘liq voqealar ortidan yuzaga kelgan siyosiy inqirozdan keyin shakllantirildi.

Foto: REUTERS

28 may kuni Latviya Seymi Andris Kulbergs boshchiligidagi yangi hukumat tarkibini ma’qulladi. To‘rt partiyadan iborat koalitsiyani parlamentning 100 nafar deputati orasida 66 nafar qo‘llab-quvvatladi, 25 nafar esa qarshi ovoz berdi.

Yangi bosh vazir hukumatning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri milliy xavfsizlik bo‘lishini ta’kidladi. U Latviya Ukrainaga yordam berish va NATOning sharqiy qanotini mustahkamlash tarafdori bo‘lib qolishini bildirdi.

Yangi hukumat tarkibida iqtisodiyot vaziri Viktor Valaynis, tashqi ishlar vaziri Bayba Brajye, sog‘liqni saqlash vaziri Xosam Abu Meri hamda farovonlik vaziri Reynis Uzulniyeks o‘z lavozimlarini saqlab qoldi. Mudofaa vaziri etib polkovnik Rayvis Melnis tayinlandi.

Kulbergs boshchiligidagi hukumat 3 oktyabrga belgilangan navbatdagi parlament saylovlariga qadar faoliyat yuritadi.

Latviyadagi siyosiy inqiroz may oyi boshida mamlakat hududiga ikki uchuvchisiz uchish apparati kirib kelganidan keyin boshlangan edi. Keyinchalik ular Ukrainaga tegishli dronlar ekani ma’lum bo‘ldi. Bu voqeadan so‘ng mudofaa vaziri Andris Spruds iste’foga chiqqan, ortidan bosh vazir Evika Silinya ham o‘z lavozimini tark etgan va butun hukumat iste’foga chiqqan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid