Jahon | 14:52
764
3 daqiqa o‘qiladi

Nemsovning o‘ldirilganiga 11 yil: YeI jinoyat haqida eslatdi

Rossiyada inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat Moskvada Rossiya muxolifatining yetakchilaridan biri - Boris Nemsov 2015 yil 27 fevralda o‘ldirilganidan beri faqat yomonlashdi. Bu haqda Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) 27 fevral, juma kuni - jinoyatning 11 yilligida bayonot berdi. 

Foto: Hannah Wagner/dpa/picture alliance

EEAS ta’kidlashicha, Nemsov “zamonaviy, farovon va demokratik Rossiya uchun kurashib, ko‘pchilikka ilhom bergan holda muhim siyosiy meros qoldirdi”.

Bryusselda qayd etilishicha, u halok bo‘lganidan keyin Rossiyada repressiyalar davom etdi, fuqarolik jamiyati, mustaqil OAV, siyosiy muxolifat va o‘zgacha fikrlovchilarga nisbatan cheklovlar kuchaymoqda. Shuningdek, EEAS Rossiyaning xalqaro majburiyatlari — “barcha siyosiy mahbuslarni darhol va sharsiz ozod qilish” tizimli ravishda bajarilmayotganini ham eslatdi.

EEAS qo‘shimcha qilishicha, hayotining so‘nggi kunlarida Boris Nemsov Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushiga qarshi chiqqan. “Shundan beri tajovuz yanada kuchaydi va to‘liq ko‘lamli bosqinga aylandi. Har kuni Ukraina aholisi Rossiyaning dahshatli vahshiyliklaridan aziyat chekmoqda”, — deyiladi Yevropa tashqi siyosat xizmati bayonotida.

Yevroittifoq 2024 yilda Rossiyaning inson huquqlarini buzishi sabab unga nisbatan sanksiyalar rejimi joriy etilganini eslatdi. Ushbu rejim doirasida 62 nafar jismoniy shaxs va 1 ta yuridik shaxsga cheklov choralari qo‘llangan. Bryusselda ta’kidlanishicha, ular fuqarolik jamiyati va demokratik muxolifatga qarshi repressiyalar uchun, shuningdek Rossiyada demokratiya va qonun ustuvorligini jiddiy ravishda yemiruvchi faoliyat uchun mas’ul hisoblanadi.

“Yevropa Ittifoqi Rossiyada va boshqa mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilish, adolat va hisobdorlik (javobgarlik) tamoyillariga sodiq qoladi”, — deb xulosa qildi EEAS.

RusNews Telegram-kanali xabar berishicha, siyosatchi o‘ldirilgan joyga gullar bilan Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Chexiya, Niderlandiya, Litva, Polsha, Latviya, Estoniya, Ispaniya va AQShning elchilari hamda boshqa diplomatik vakillar kelgan.

Kanal ma’lumotiga ko‘ra, diplomatlar gulchambarlar qo‘yayotgan paytda politsiya xodimi ovoz kuchaytirgich orqali yig‘ilganlarni tarqalishga chaqirgan. Fojia joyida Moskva aholisi, jurnalistlar va bir qator elchilar bo‘lgani aytilgan.

Sankt-Peterburgda esa Troitskaya maydonidagi Solovetskiy toshi yodgorligi yoniga gul qo‘yilgan. O‘sha paytda yodgorlik yonida bir nafar politsiya xodimi navbatchilik qilgan.

Boris Nemsov 2015 yil 27 fevral kuni kechqurun Kremlga yaqin joyda — Katta Moskvoretskiy ko‘prigida o‘q uzilishi natijasida o‘ldirilgan.

2017 yil iyul oyida Moskva okrug harbiy sudi qotillik ijrochilari deb topilgan Zaup Dadayev, Anzor va Shadid Gubashevlar, Temirlan Eskerxanov va Xamzat Baxayevni 11 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilgan. Jinoyatning tashkilotchilari va buyurtmachilari hanuzgacha aniqlanmagan.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid