Jahon | 17:17
1630
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp tibbiy ko‘rikdan o‘tdi: unga ozish tavsiya qilindi

AQSh prezidenti Donald Tramp har yilgi tibbiy ko‘rikdan o‘tdi va uning sog‘lig‘i a’lo darajada deb baholanmoqda. Shu bilan birga, Oq uy rahbariga jismoniy mashqlarga ko‘proq e’tibor qaratish va ortiqcha vazndan xalos bo‘lish tavsiya etilgan.

Oq uy juma kuni e’lon qilgan tibbiy xulosada prezidentning shaxsiy shifokori, kapitan Shon Barbabella tomonidan yozilishicha, kelasi oy 80 yoshga to‘ladigan Trampning «yurak-qon tomir, nafas olish, nevrologik va umumiy jismoniy funksiyalari yaxshi». Xulosada u bosh qo‘mondon va davlat rahbarining barcha vazifalarini bajarishga to‘liq yaroqli ekani aytilgan.

Seshanba kuni Tramp tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Uolter Rid nomidagi Milliy harbiy-tibbiyot markaziga keldi va tibbiy ko‘rikdan o‘tib bo‘lganidan keyin Truth Social platformasidagi sahifasida o‘zi bilan «barchasi joyida ekani» haqida yozdi.

Bu Tramp o‘tgan yil Oq uyga qaytganidan buyon uchinchi bor tibbiy ko‘rikdan o‘tishi bo‘ldi.

Xulosaga ko‘ra, Tramp (AQSh prezidenti lavozimidagi eng keksa yoshli odam) kognitiv funksiyalarni baholovchi Monreal shkalasi bo‘yicha 30 balldan 30 ball to‘plab, «me’yor doirasida»gi natijani ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, Trampning yuragining holati 14 yoshga kichikroq kishilarning ko‘rsatkichiga mos keladi, deya tasdiqlagan Barbabella.

Shu bilan birga, Trampning vazni 108 kg chiqqan, ya’ni 2025 yil aprel oyida oxirgi bor tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan beri u 6,3 kg vazn to‘plagan. Barbabellaning aytishicha, prezidentga ovqatlanish, jismoniy faollik va vaznni yanada kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

«Yuqori darajadagi ko‘plab uchrashuvlar, ommaviy tadbirlar va muntazam jismoniy faollikni o‘z ichiga olgan kunlik jadvali uning umumiy salomatligiga ta’sir qilishda davom etmoqda», – deb yozadi shifokor.

O‘tgan yili Trampning qo‘llaridagi ko‘karishlar va oyoqlaridagi shishlar uning sog‘lig‘i haqida xavotir va taxminlarni keltirib chiqargandi.

Iyul oyida unga surunkali venoz yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi, bu qon dimlanishi va boldirlar shishishiga olib keladigan kasallikdir.

Qo‘ldagi ko‘karish sababi nimada?

Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida so‘zga chiqqan Trampning qo‘lida ko‘kargan joyni payqashgandi.

«Boldirlardagi kichik shish» saqlanib qolgan bo‘lsa-da, prezidentda o‘tgan yilga nisbatan yaxshilanish kuzatilmoqda, deya qayd etgan Barbabella o‘z hisobotida.

Shifokor Trampning qo‘llaridagi ko‘karishlarni «yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish» uchun aspirin qabul qilish fonida «tez-tez qo‘l siqish bilan bog‘liq bo‘lgan yumshoq to‘qimalarning biroz ta’sirlanishiga mos keladi» deb ta’rifladi.

Barbabella bu ko‘karishlar «aspirin terapiyasining odatiy va xavfsiz effekti» ekanini qayd etgan.

Uning xulosasida aytilishicha, Tramp xolesterin darajasini nazorat qilish uchun aspirindan tashqari yana ikkita preparat qabul qiladi. Shuningdek, u barcha zarur profilaktik ko‘riklar va emlashlardan o‘z vaqtida o‘tkaziladi.

Avvalroq Tramp so‘nggi 25 yil davomida aspirinni tavsiya etilgan miqdordan ortiq qabul qilganini aytgandi.

U Wall Street Journal gazetasiga bergan intervyusida shifokorlar ba’zan tavsiya qiladigan 81 mg o‘rniga kuniga 325 mg aspirin qabul qilishini, chunki qoni quyuqlashishini xohlamasligini aytgan.

Tramp, shuningdek, golf o‘ynashdan tashqari hech qanday muntazam jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanmaslikni afzal ko‘rishini bildirgan.

«Bu menga yoqmayapti. Bu zerikarli. Ba’zi odamlar kabi yugurish yo‘lakchasida soatlab yurish yoki yugurish men uchun emas», – deydi u.

Garchi bunday yillik tibbiy ko‘riklar majburiy bo‘lmasa-da, so‘nggi o‘n yilliklarda ular AQSh prezidentlari uchun odatiy jarayon hisoblanadi.

2021 yilda lavozimga kirishganida 78 yoshda bo‘lgan sobiq prezident Jo Baydenning sog‘lig‘i muddati tugayotganda jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid