Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Eron o‘rtasida zarbalar almashinuvi bo‘lib o‘tdi
Foto: REUTERS/Stringer
AQSh Eron janubidagi Bandar-Abbos shahridagi harbiy obektga zarba yo‘lladi. Bu haqda Reuters agentligi amerikalik mulozimlardan biriga tayanib xabar berdi.
Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik harbiylar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida Eronning to‘rtta dronini ham urib tushirgan. Agentlik suhbatdoshi aniqlik kiritib, AQSh Bandar-Abbosdagi yerosti boshqaruv punktini nishonga olganini aytgan – bu vaqtda u yerdan yana bir dron uchirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan edi.
Manba bu harakatlar «mudofaa maqsadlarida va o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlashga qaratilgani»ni qo‘shimcha qilgan.
Ko‘p o‘tmay Islom inqilobi muhofizlari korpusi Amerika hujumiga javoban Amerikaning mintaqadagi aviabazasiga zarba berganini ma’lum qildi. Korpusdagilar buni AQSh uchun «ogohlantirish» deb atab, ular «tajovuz javobsiz qolmasligi»ni, agar bu holat takrorlanadigan bo‘lsa, Eronning javobi «yana qat’iyroq bo‘lishi»ni bilishi kerakligini ta’kidlashgan.
Aynan qaysi aviabazaga hujum qilingani va hujum oqibatlari haqida rasman ma’lumot berilmagan, lekin xuddi shu vaqtda Kuvayt armiyasi (bu yerda Amerikaning eng yirik bazalaridan biri joylashgan) mamlakat hududiga uchib kelgan dronlar va raketalar to‘xtatilgani haqida xabar qilgan.
Erondagi Tasnim agentligi yozishicha, Amerika zarbasidan oldinroq Islom inqilobi muhofizlari korpusi Amerikaning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishga uringan neft tankeri tomon o‘t ochgan, shundan keyin kema ortiga qaytib ketishga majbur bo‘lgan.
AQSh va Eron o‘rtasidagi zarbalar almashinuvi ikki mamlakat o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar fonida ro‘y berdi. Tomonlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun ochish masalasida kelisha olmayapti. Eron bo‘g‘ozni urush boshidayoq yopib qo‘ygan, shundan keyin AQSh ham Eron dengiz portlarini qamal qilishga kirishgan.
27 may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralarda muhokama qilinayotgan kelishuv shartlaridan mamnun emasligini aytdi. U Tehron urushni yakunlash uchun shunday shakldagi kelishuv tuzishni «juda qattiq xohlayotgani»ni ta’kidlagan. Shu bilan birga, u agar kelishuvga erishilmaydigan bo‘lsa, Eron bo‘ylab zarbalarni qaytadan boshlashga tayyorligi haqidagi gapni yana bir bor ta’kidlagan.
Mavzuga oid
22:46 / 27.05.2026
Tramp Eron bilan muzokaralardan norozi va zarbalar qayta boshlanishiga ishora qildi
17:23 / 27.05.2026
Trampning «Tinchlik Kengashi» to‘rt oy ichida birorta rasmiy badal olmadi
10:25 / 27.05.2026
AQSh kelishmoqchi, Eron o‘ylanyapti, Isroil asabiylashmoqda
21:15 / 26.05.2026