Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
May oyida so‘m kursi qanday o‘zgardi?
Mayda dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 0,5 foizga mustahkamlandi. Kursning o‘rtacha kunlik tebranishi 0,3 foizni tashkil etdi. Oy davomidagi 17 ta savdo sessiyasining 13 tasida AQSh dollari so‘mga nisbatan ko‘tarilgan bo‘lsa, 4 ta savdo sessiyasida teskari holat kuzatildi.
Foto: Kun.Uz
May oyida O‘zbekistonda dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 0,54 foizga yoki 64 so‘mga oshib, 11 937 so‘mdan 12 001 so‘mga qimmatlashdi.

Oy davomidagi 17 ta savdo sessiyasining 13 tasida AQSh dollari so‘mga nisbatan mustahkamlangan bo‘lsa, 4 ta savdo sessiyasida teskari holat kuzatildi. Mayda dollarning eng minimum qiymati 1 may kuni qayd etildi – 11 937 so‘m. 13 may kuni dollar kursi oylik maksimum — 12 145 so‘mga yetdi.
Oy boshida banklarning dollarni sotib olish bo‘yicha eng yaxshi taklifi 11 925 so‘mdan, sotish bo‘yicha esa 11 950 so‘mdan boshlangan bo‘lsa, 26 may kuni kuni eng yaxshi xarid kursi 11 990 so‘m, sotish kursi esa 12 010 so‘mni tashkil etdi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning yozishicha, dollarning mustahkamlanishi faqat so‘m bilan emas, balki aksariyat valutalar bilan kuzatilgan. Aprel oyida dollar tanlab olingan 39 ta valutadan 32 tasiga nisbatan qadrsizlangan bo‘lsa, may oyida esa tanlab olingan valutalarning 25 tasi dollarga nisbatan qadrsizlangan.
Aprel oyida eng yuqori mustahkamlangan valutalardan biri bo‘lgan tenge may oyida dollarga nisbatan 5 foizga qadrsizlangan. Rubl esa dollarga nisbatan mustahkamlanishda davom etib, may oyida 5,1 foizga qadrini oshirgan. Bu ko‘rsatkich aprelda 8,1 foizni tashkil etgandi.
Yirik valutalardan dollarga nisbatan funt va iyena 1,4 foizga, frank 0,6 foizga, yevro esa 0,5 foizga qadrsizlangan.
Oy davomida so‘mning kunlik tebranuvchanligi 0,31 foizni tashkil etib, aprel oyiga nisbatan sezilarli kengaygan. Ammo 2025 yilning mos oyiga nisbatan volotillik 9,2 foizga pastroq shakllangan.
«Tanlab olingan valutalar bilan taqqoslaganda, so‘m nisbatan past tebranuvchan valutalardan biri bo‘lib qolgan. Lekin aprel oyi bilan taqqoslaganda sezilarli o‘zgarish yuz bergan. Aprel oyida so‘m faqatgina 9 ta valutaga nisbatan tebranuvchanroq valuta bo‘lgan bo‘lsa, may oyda so‘mning tebranuvchanligi 16 ta valutaga nisbatan kengroq bo‘lgan. Oy davomida eng tebranuvchan valuta Chili pesosi bo‘lgan (kunlik tebranuvchanlik 0,62 foiz). Shuningdek, rubl (0,54 foiz) hamda tenge (0,47 foiz) bilan ham yuqori tebranuvchanlik kuzatilgan. Yirik valutalardan iyena (0,29 foiz) hamda yevroda (0,19 foiz) so‘mdan ko‘ra pastroq tebranuvchanlik kuzatilgan», deya qayd etgan iqtisodchi.