Jamiyat | 08:47
934
2 daqiqa o‘qiladi

Rahbarlik lavozimlariga nomzodlar sun’iy intellekt orqali baholanishi mumkin

O‘zbekistonda rahbarlik lavozimlariga tayinlanadigan nomzodlarni baholashning yangi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, nomzodlarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalari sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlovchi maxsus elektron platforma orqali kompleks baholanadi.

Foto: Kun.uz

Muhokamaga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, Prezident, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan yoki kelishiladigan rahbarlik lavozimlariga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi qoshida tashkil etiladigan Rahbar kadrlarni baholash markazida shaxsiy-professional diagnostikadan o‘tkaziladi.

Loyihada baholash jarayonlari AssessPro elektron platformasi orqali amalga oshirilishi belgilangan. Platforma davlat fuqarolik xizmatchilari kompetensiyalarini sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida baholash imkonini beradi.

Nomzodlarni baholash bir nechta bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, umumiy bilim va intellekt darajasini aniqlash bo‘yicha testlar, davlat tilida savodxonlikni baholash uchun esse yozish, psixodiagnostik sinovlar, korrupsiyaga qarshi barqarorlikni aniqlash, kognitiv va neyro-kognitiv ko‘nikmalarni baholash, kompetensiyalar bo‘yicha intervyular, keys-stadi va amaliy topshiriqlar nazarda tutilgan.

Shuningdek, loyihada nomzodlarni elektroensefalografiya (EEG) tekshiruvidan o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Ushbu usul bosh miya elektr faoliyatini tahlil qilish orqali insonning ayrim kognitiv xususiyatlarini baholash imkonini beradi.

Baholash yakunlari bo‘yicha nomzodlarga “tavsiya etiladi”, “shartli ravishda tavsiya etiladi” yoki “tavsiya etilmaydi” kabi xulosalar beriladi. Har bir ishtirokchi uchun shaxsiy portfolio shakllantirilib, u kadrlar bo‘yicha qaror qabul qilishda qo‘shimcha axborot manbai sifatida qo‘llaniladi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, rahbar kadrlarni baholash sohasida yagona markaz faoliyat yuritishi, baholash materiallari esa milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida muntazam takomillashtirib borilishi rejalashtirilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid