O‘zbekiston | 18:07 / 25.05.2026
1201
4 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy intellekt va tibbiyot kabi sohalarda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimi yangilanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot, suv resurslari, yangi materiallar hamda seysmologiya kabi sohalar bo‘yicha ilmiy kadrlar tayyorlashda izlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish taklif qilindi.

Bunda ustuvor yo‘nalishlardagi doktorantlar stipendiyasini 1,7 barobarga oshirish hamda ilmiy tadqiqotlarda zarur bo‘lgan asbob-uskuna va reagentlar xaridi uchun har yili qo‘shimcha mablag‘ ajratib borish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ilmiy rahbarlar mas’uliyati va ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini kuchaytirish taklif qilindi. Endi muvaffaqiyatli himoya qilingan dissertatsiyalar bo‘yicha ilmiy rahbarlarning xalqaro ilmiy faollik ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda natijaga yo‘naltirilgan rag‘batlantirish tizimini joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.

Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar taklif etildi. Bunda Oliy attestatsiya komissiya faoliyatini Fanlar akademiyasi tizimida tashkil qilish, ilmiy kengashlar mas’uliyatini oshirish hamda ular faoliyatini reyting asosida baholash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ilmiy daraja berish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish taklif qilindi. Xususan, hozirgi kunda dissertatsiya himoyasi jarayonida amal qilayotgan tartib-taomillarning 50 foizi raqamlashtirish hisobidan qisqartiriladi. Mazkur jarayonda ko‘p sonli hujjatlarni chop etish, avtoreferatlarni katta miqdorda tayyorlash hamda dissertatsiyalarni takroran muhokama qilish bilan bog‘liq ortiqcha talablar bekor qilinishi nazarda tutilmoqda. Bu esa izlanuvchilar uchun qulaylik yaratish, vaqt va mablag‘ sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, ilm-fan va iqtisodiyotning real sektori integratsiyasini kuchaytirish maqsadida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni nazarda tutuvchi “Loyiha doirasida ilmiy daraja” hamda “Amaliy doktorantura” dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.

Ushbu yondashuvlar doirasida doktorlik tadqiqotlari ishlab chiqarish va iqtisodiyotning amaliy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bunda ilmiy izlanishlar real sektor korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshirilib, ularning natijalarini amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, ilmiy loyihalarni moliyalashtirish va saralash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Jarayonga xalqaro ekspertlarni jalb qilish, zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida loyihalarni baholash tizimini joriy qilish hamda ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishda shaffoflik va samaradorlikni oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Olimlarning ilmiy faoliyatini kuzatishning yagona raqamli tizimini joriy etish, ilmiy etika standartlarini takomillashtirish, tadqiqot sifati ustidan ta’sirchan monitoring mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Xorijda faoliyat yuritayotgan tajribali vatandosh olimlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Jumladan, ilm-fan sohasini xalqaro tajriba asosida rivojlantirish, ilmiy tadqiqot madaniyatini mustahkamlash hamda zamonaviy metodologik standartlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiquvchi Ilm-fan maslahat kengashini tashkil etish taklifi bildirildi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ilm-fan va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini yanada oshirish muhimligini ta’kidladi. Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid