Yig‘ilishda qayd qilinishicha, so‘nggi yillarda dunyoda yuz berayotgan qurolli mojarolarda uchuvchisiz uchadigan apparatlar, robotlashgan tizimlar, radioelektron kurash vositalari va zamonaviy boshqaruv texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Bu esa nafaqat qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni yangilash, balki yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashni ham taqozo etadi.

Mamlakat qo‘shinlarida dronlarni jangovar qo‘llash va ularga qarshi kurashuvchi yangi bo‘linmalar tashkil etilib, uchuvchisiz uchadigan apparatlar operatorlari, muhandislar va robototexnika mutaxassislarini tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Taqdimotda davlat rahbariga mazkur mobil bo‘linmalar faoliyati hamda ushbu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash tizimi yuzasidan hisobot berildi.

Harbiy ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025 yilda mazkur sohani rivojlantirish, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega harbiy kadrlarni tayyorlash choralari ko‘rildi. Barcha oliy harbiy ta’lim muassasalariga institut maqomi berilib, yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratildi, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.

Bakalavr darajasida harbiy kadrlar tayyorlashning mutlaqo yangi modeli doirasida kursantlarga xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt chuqur o‘rgatiladi. Qo‘mondonlik-shtab ofitserlari uchun ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy qurolli to‘qnashuvlarni o‘rganish asosida ilk bor uch bosqichli yangi o‘qitish tizimi joriy etiladi.

Shu bilan birga, serjantlar tarkibini tayyorlash ko‘lami ham kengaytiriladi. Asosiy yangiliklardan biri – oliy harbiy ta’lim muassasalarida serjantlar uchun bakalavriatning oltita fuqarolik mutaxassisligi bo‘yicha masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, aviatsiya va uchuvchisiz uchadigan apparatlar mutaxassislarini tayyorlash tizimi yanada takomillashtirilib, mazkur yo‘nalishda Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarini o‘qitish va ularga yagona sertifikat berish tartibi joriy etiladi.

Taqdimotda armiyani raqamlashtirish va kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda Mudofaa vazirligi tizimida aloqa infratuzilmasi modernizatsiya qilindi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda, himoyalangan ma’lumot almashinuvi kanallari rivojlantirilmoqda. Harbiy dasturchilar tomonidan qo‘shinlar faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha 50 ga yaqin axborot tizimlari ishlab chiqildi. Xususan, mudofaa ishlari organlarida “Chaqiruv” elektron axborot tizimi yaratilib, 19 ta vazirlik va idoralar bilan integratsiya qilindi. Bu 39 turdagi ma’lumotnomani onlayn shaklda olish va ilk bor chaqiruv tadbirlarini to‘liq elektron shaklda o‘tkazish imkonini berdi.