Jahon | 08:15
901
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik qaroqchilik kontenti iste’molchilari aniqlandi

MUSO tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh "pirat" saytlarga tashriflar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Bu raqamli qaroqchilik qonuniy striming platformalari keng tarqalayotganiga qaramay, hali ham ulkan ko‘lamda saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Foto: REUTERS

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, AQSh foydalanuvchilari qaroqchi resurslarga qariyb 26,68 milliard marta tashrif buyurgan. Bu dunyo bo‘yicha qayd etilgan umumiy "pirat" trafikning taxminan 12,33 foiziga teng.

Reytingda ikkinchi o‘rinni Hindiston egalladi. Mamlakat hissasiga 17,56 milliard tashrif to‘g‘ri kelgan. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (15,4 milliard), Indoneziya va Vetnam qayd etilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, filmlar, seriallar, dasturiy ta’minot, musiqa, anime, sport translatsiyalari va videoo‘yinlarga bepul kirish imkoniyatiga bo‘lgan talab hali ham juda yuqori. Bu esa obuna asosida ishlovchi platformalarning jadal rivojlanayotganiga qaramay kuzatilmoqda.

Agar internetning dastlabki yillarida qaroqchilik asosan torrentlar va fayl almashish tarmoqlari bilan bog‘langan bo‘lsa, bugungi kunda u tashqi ko‘rinishi jihatidan qonuniy servislarga o‘xshash murakkab striming ekotizimiga aylangan.

MUSO tadqiqotchilari qaroqchilikning o‘sishini foydalanuvchilar noroziligi bilan izohlamoqda. Ularga ko‘ra, kontentning turli platformalarga tarqalib ketishi, mintaqaviy cheklovlar va obuna narxlarining doimiy oshib borishi noqonuniy resurslarga qiziqishni kuchaytirmoqda.

Ekspertlar, ayniqsa, kerakli kontent muayyan mamlakatda mavjud bo‘lmaganda yoki bir nechta pullik servislar o‘rtasida taqsimlangan holatlarda foydalanuvchilar "pirat" platformalarga ko‘proq murojaat qilishini qayd etmoqda.

"Pirat" trafikning o‘sishi Osiyoning tez rivojlanayotgan raqamli iqtisodiyotlarida ham yaqqol namoyon bo‘lgan. Hindistondan tashqari Indoneziya, Vetnam va Tailand ham reytingning yuqori qismida joylashgan. Tahlilchilar bu holatni aholi sonining ko‘pligi, internet qamrovining kengayishi va mobil qurilmalar orqali kontent iste’molining ustunligi bilan izohlaydi.

Hindiston yakka o‘zi jahon qaroqchilik trafigining 8 foizdan ortig‘ini ta’minlagan. Bu yerda asosiy talab ko‘ngilochar kontent, sport translatsiyalari va dasturiy ta’minotni yuklab olish bilan bog‘liq.

Indoneziya 12,11 milliard tashrif bilan to‘rtinchi, Vetnam esa 7,44 milliard tashrif bilan beshinchi o‘rinni egallagan.

Tadqiqotchilar qaroqchilik darajasi aholi daromadlari, qonuniy kontentning ommabopligi va mualliflik huquqlarini himoya qilish samaradorligi bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidlamoqda.

Shu bilan birga, rivojlangan davlatlarda ham qaroqchilik yuqori darajada saqlanib qolmoqda. AQShdan tashqari Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Kanada ham "pirat" kontentning eng yirik iste’molchilari qatoriga kirgan.

Kanada va Buyuk Britaniyada qaroqchi saytlarga tashriflar soni 5,8 milliarddan oshgan. Fransiya va Germaniyada esa bu ko‘rsatkich 5 milliarddan yuqori bo‘lgan.

Mutaxassislar fikricha, hatto boy mamlakatlarda ham foydalanuvchilar qimmat obunalar o‘rniga arzon, tezkor va cheklovlarsiz kontent izlashda davom etmoqda.

Mualliflik huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bahosiga ko‘ra, jahon ko‘ngilochar industriyasi har yili qaroqchilik sababli milliardlab dollar yo‘qotmoqda. Kino studiyalari, striming platformalari va sport translatsiyalari operatorlari noqonuniy kontent tarqatilishiga qarshi sud ishlari, domenlarni bloklash va sun’iy intellekt asosidagi kuzatuv tizimlari orqali kurashni kuchaytirmoqda.

Biroq MUSO ma’lumotlari raqamli qaroqchilik nazorat choralari kuchaytirilganiga va qonuniy servislar soni ko‘payganiga qaramay, hali ham global miqyosdagi yirik muammo bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid