Jahon | 08:27
2199
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina yana ommaviy hujum ostida: qurbonlar soni ortmoqda

2 iyunga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina shaharlariga dronlar va ballistik raketalar bilan ommaviy hujum uyushtirdi. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya Kaspiy dengizi tomonidan “Kalibr” qanotli raketalarini ham uchirgan.

Foto: AP

Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, poytaxtda uch kishi halok bo‘lgan, 29 kishi tan jarohati olgan. Podolsk tumanida Rossiya raketacining parchalari turar joy binosi tomiga tushib, yong‘in kelib chiqqan va oynalar singan.

Kiyev meri Vitaliy Klichkoning bildirishicha, hujum oqibatida 21 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Shaharning uch tumanida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.

Dnepr shahrida Rossiya hujumi natijasida besh kishi, jumladan 73 yoshli ayol halok bo‘ldi. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganjaning aytishicha, 25 kishi yaralangan. Zarbalardan biri turar joy mavzelariga to‘g‘ri kelib, yirik yong‘in kelib chiqqan.

Xarkivning ikki tumani o‘qqa tutilgani oqibatida olti kishi, jumladan 11 yoshli qizaloq jarohat olgan. Bu haqda mahalliy hokimiyat vakillari ma’lum qildi.

Ukrainaning turli shaharlarida mahalliy hokimiyat vakillari raketa va dron parchalarining tushishi hamda turli obektlarga zarba berilgani haqida xabar berishda davom etmoqda.

1 iyun kuni kechqurun Rossiya prezidenti Vladimir Putin Luxansk viloyatidagi Starobelsk shahriga berilgan zarba urushga “yangi sifat” bag‘ishlaganini aytdi. Ushbu hujum oqibatida mahalliy kollej binolari qisman vayron bo‘lgan va mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, 21 nafar talaba halok bo‘lgan.

Shu kuni kechqurun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya tomonidan mamlakat shaharlariga qarshi yangi ommaviy hujum ehtimoli borligi haqida ogohlantirgan edi.

24 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Kiyev va Kiyev viloyatiga keng ko‘lamli zarba bergan, unda Rossiya uchinchi marta “Oreshnik” turidagi raketa qo‘llagani xabar qilingan. O‘sha hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, 80 nafar inson yaralangan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid