Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp jamoasi Ukraina bo‘yicha muzokaralardan «charchadi» – OAV
Oq uy rahbari ikkinchi muddati boshlanishidan oldin Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugataman deb maqtangan edi. Ammo qasamyod qilganidan keyin o‘n olti oy o‘tgach, bu haqda kamdan-kam eslamoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp tezkor harbiy va diplomatik g‘alabalarni yoqtiradi, biroq hozir u xalqaro maydonda boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, deb yozdi The New York Times.
Nashrning eslatishicha, Tramp ikkinchi muddati boshlanishidan oldin Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugataman deb maqtangan edi. Ammo qasamyod qilganidan keyin o‘n olti oy o‘tgach, bu haqda kamdan-kam eslamoqda.
Davlat kotibi Marko Rubio esa yaqinda cheksiz muzokaralarga «vaqt sarflashdan charchaganidan» shikoyat qildi. Shuningdek, u boshqa bir davlat aralashib, bu rolni o‘ynashni istasa, xursand bo‘lishini aytdi.
Rossiyaliklar ham, o‘z navbatida, prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushnerning muntazam tashrifidan charchaganini bildirdi.
Tramp Ukrainadan tashqari Eronga qarshi urushda ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Chunki tomonlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha kelishib olsalar ham, Eron baribir yadro va raketa dasturlarining kelajagini urush boshlanishidan oldingi darajada qoldirmoqchi. OAV tahlilchilariga ko‘ra, Eron Trampning jangovar harakatlarni qayta boshlashni istamasligini tushunadi va shuning uchun muzokaralarni avvalgi ma’muriyatlar kabi oylar yoki yillarga cho‘zishi mumkin.
Trampning muammolari orasida G‘azo sektori ham bor. AQSh prezidenti HAMASni qurolsizlantirish, xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini yaratish va oxir-oqibat G‘azoni «shisha ofis minoralari va dengiz bo‘yi kurortlarining yorqin hududiga» aylantirishdan boshlanadigan 20 banddan iborat reja haqida ishtiyoq bilan gapirdi. Biroq oradan sakkiz oy o‘tdi-yu, uncha o‘zgarish bo‘lmadi.
«Ehtimol, bularning barchasi prezidentning ulkan ambitsiyalari bilan global voqelikning g‘isht devorlariga urilishning muqarrar natijasidir. Ehtimol, bu haddan tashqari sa’y-harakatlar oqibatidir, chunki Tramp Eron va Venesueladagi dastlabki ikki harbiy sarguzashtining muvaffaqiyatidan ilhomlanib, Amerika harbiylari uchun juda qiyin vazifa yo‘q deb hisoblaydi», deb yozdi NYT.
Shu bilan birga, jurnalistlarning ta’kidlashicha, Tramp hech qachon ishni oxiriga yetkazish qobiliyati bilan mashhur bo‘lmagan. Tramp muammoning murakkabligini yetarlicha baholamaganini qisman tan olgan yagona holat bu Ukrainadagi urushdir.
Deyarli besh oy davomida Tramp kelishuv yaqinligini bir necha bor bashorat qildi va u bir necha bor barbod bo‘ldi. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, hozir Ukraina o‘zini ishonchliroq his qilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Ukraina bo‘yicha muzokaralardagi muammolardan biri shundaki, Tramp ma’muriyati muzokaralarni qo‘llab-quvvatlash uchun an’anaviy diplomatiyaning kundalik ishtirokisiz vaqti-vaqti bilan telefon qo‘ng‘iroqlari yoki maxsus vakillarning tashriflariga tayangan.
«Bu mojaro nihoyasiga yaqinlashish uchun pishib yetildi. Moskvadagi kayfiyat o‘zgardi. Jang maydoni o‘zgardi: ukrainlar front chizig‘ini muzlatib qo‘ydi. Rossiyada iqtisodiy muammolar va ma’lum siyosiy noroziliklar kuchayib bormoqda. Kreml ichida «Biz buni qanday qilib g‘alaba sifatida ko‘rsatishimiz mumkin?» degan mavzuda suhbatlar olib borilmoqda», dedi Sovet Ittifoqi parchalanishidan oldin Moskvada xizmat qilgan va kichik Jorj Bush ma’muriyati davrida Kreml bilan strategik muloqotni boshqargan, katta tajribaga ega amerikalik diplomat Tomas Grem.
Shu bilan birga, u buning uchun hozircha mavjud bo‘lmagan muzokaralar jarayoni kerakligini qo‘shimcha qildi. Grem so‘zlariga ko‘ra, buning uchun Putinga bir nechta vakillarni yuborishga emas, balki jarayonning o‘zini yanada institutsionallashtirish kerak.
Mavzuga oid
22:03 / 26.06.2026
Bokschi Usik uchta chempionlik kamaridan voz kechdi
21:31 / 26.06.2026
Tramp Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi sulhni buzganlikda aybladi
20:44 / 26.06.2026
«Qamalda yashayapmiz». Qrimdagi vaziyat og‘irlashmoqda
11:00 / 26.06.2026