Jahon | 09:03 / 02.06.2026
3385
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada «oq ro‘yxat» tizimi kengaytiriladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat va Federal xavfsizlik xizmati (FSB)ga internet cheklovlari vaqtida muhim onlayn-servislarning uzluksiz ishlashini ta’minlash vazifasini yukladi.

Foto: Zoonar.com/Maksim Mikhailov/Zoonar/IMAGO

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, bu vazifa “oq ro‘yxatlar” tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, internet cheklangan taqdirda ham ayrim muhim resurslar faoliyati saqlanib qolishi kerak.

Peskovning ta’kidlashicha, “oq ro‘yxat” doimiy ravishda kengayib boruvchi ro‘yxat bo‘lib, unga ahamiyatli internet resurslari kiritiladi.

Putinning mazkur topshirig‘i 23 aprel kuni hukumat a’zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan hujjatda aks etgan. Hujjat 30 may kuni Kreml saytida e’lon qilingan.

Internet cheklovlari vaqtida ishlashi lozim bo‘lgan xizmatlar qatoriga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimlari, “Gosuslugi” portali va to‘lov tizimlari kiritilgan. Topshiriq ijrosi uchun Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin va FSB direktori Aleksandr Bortnikov mas’ul etib belgilangan.

Siyosatshunos Ivan Preobrajyenskiyning fikricha, mazkur qaror Rossiyada internetni cheklash jarayonlarini aynan FSB muvofiqlashtirayotgani haqidagi taxminlarni bilvosita tasdiqlaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “oq ro‘yxatlar”ni shakllantirish va internetdagi ommaviy cheklovlarni boshqarishda FSB asosiy rol o‘ynamoqda hamda bu yo‘nalishda hukumat faoliyatini muvofiqlashtirib kelmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid