Jahon | 22:51 / 04.06.2026
962
7 daqiqa o‘qiladi

​Qrimda benzin taqchilligi. Urush sabab

Bugun benzin haqida gaplashamiz. Bizning Samarqanddagi yoqilg‘i quyish shoxobchalariga borsangiz, asosan, Rossiya benzini sotiladi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan benzin topilmasligi mumkin, lekin Rossiya benzini deyarli hamma yerda bor. Bizda ko‘pchilik gazda yoki elektrokarda yurgani uchun benzinni odatda navbatsiz sotib olish mumkin.

Lekin Rossiya 2014 yil o‘z tarkibiga qo‘shib olgan Qrimda ana shu bizda navbatsiz, bemalol sotib olish mumkin bo‘lgan Rossiya benzini «anqoning urug‘iga» aylandi. Qrimliklarning aytishicha, benzin faqat talon bilan berilyapti, talonni esa tashkilotlar beryapti. Qrimga borgan sayyohlar mashinasi o‘chib nima qilarini bilmay qolgan.

Yerining osti neftga to‘la, dunyodagi eng yirik neft zaxirasiga ega davlatlardan bo‘lgan Rossiyada qanaqasiga benzin defitsit bo‘lishi mumkin? Urush sabab, albatta! Ukraina Rossiyaning quruqlik qismini Qrim bilan bog‘laydigan «Novorossiya» trassasini «o‘lim yo‘li»ga aylantirib, u yerdan yoqilg‘i tashiyotgan mashinalarni tinimsiz nishonga olmoqda. Oqibatda Ukrainaga tegishli bo‘lgan, Rossiya 2014 yil o‘z tarkibiga qo‘shib olgan yarimorolda yoqilg‘i taqchilligi yuzaga keldi.

Benzin uchun talon

Shukrki, men bir kun ham SSSR muqaddas tuproqlarimizga egalik qilgan kunlarda yashamaganman. Biz mahsulotlarni talon bilan sotib olish nima ekanini bilmay katta bo‘lgan mustaqillik farzandlarimiz. Lekin sovet odamlari oddiy yeguliklar ham talon bilan sotilgan davrlarni yaxshi eslaydi. Tasavvur qiling, odamlar oddiy bo‘lka nonni navbatga turib, talon bilan, «quloqqa o‘lchab» sotib olgan. Qadamda mahsulot to‘la supermarketlar bo‘lgan hozirgi kunda bunaqasini xayolga keltirish ham qiyin.

Tarixga ko‘p ham sho‘ng‘imay, talon masalasiga qaytsak. Demak Rossiya nazoratidagi Qrimda benzin bilan bog‘liq vaziyat shunchalikka yetdiki, endi u yerda yoqilg‘ini talon bilan, bir kishiga 20 litrdan sotishyapti. Va bu holat dunyodagi eng neftga boy davlatlardan biri Rossiyaning strategik muhim qismida sodir bo‘lmoqda.

Internet qrimliklarning benzin uchun kilometrlab navbatda turgani, qo‘lida idish ko‘tarib benzin qidirib yurgani, odamlar benzinni o‘payotgani haqida turli xil videolarga to‘lib ketdi. Benzin olib ketayotgan yuk mashinalarini «Berlindan g‘alaba xabarini olib kelgandek» xursandchilik bilan qarshilashmoqda. Xuddi bizning qishdagi metanga navbatlarni eslatadigan holat, lekin ruslar bunaqasiga odatlanmagan. Axir Rossiyada benzin taqchil bo‘lishi aqlga sig‘adigan holat emas-da. Lekin urush barchasini o‘zgartirib yubordi.

Ukraina jang maydonida Rossiya bilan kuchlar teng emasligi sabab turli xil taktikalarni sinab ko‘rmoqda. Oxirgi vaqtlarda ukrainlar Rossiyaning quruqlik qismini Qrim bilan bog‘laydigan «Novorossiya» trassasini nishonga olishga zo‘r berdi. Ukrainlar Hornet degan dronlar bilan trassadan Qrimga benzin yoki dizel olib ketayotgan yuk mashinalarini nishonga olmoqda. Oqibatda Qrimga borishi kerak bo‘lgan yoqilg‘i yo‘lda yonib ketyapti.

Ukraina nega bunaqa qilayotgani tushunarli. Rossiyaning harbiy qudrati solishtirib bo‘lmaydigan darajada katta, puli ko‘p, neft va gaz bitmas-tuganmas darajada, bunaqa resurs bilan istagancha urushish mumkin. Ukrainada esa bunaqa imkoniyat yo‘q, jamiyat urushdan charchagan, amaldagi hukumatga bosim yuqori. Shu bois Kiyev ko‘proq rossiyaliklar urushni o‘z tanasiga his qilsin, urushni tugatish bo‘yicha hukumatga bosi o‘tkazsin degan umidda mana shunday diversion hujumlarga zo‘r berishga majbur bo‘lmoqda. Qrim va Sevastopoldagi vaziyat Rossiyaning boshqa janubiy oblastlariga ham ta’sir qilib, u yerda ham odamlar imkon qadar benzin to‘plab olishga intilmoqda.

Urush bo‘lmasa...

Ukraina qonuniy jihatdan o‘ziga tegishli bo‘lgan Qrimda energiya blokadasi yuzaga keltirganini Ikkinchi jahon urushidagi Leningrad qamaliga o‘xshatishmoqda. Lekin bunday taqqosda mantiq yo‘q. Chunki Leningradni bosqinchi fashistlar Rossiyani qulatish umidida blokada qilgan. Qrimda esa urushda Rossiyadan ancha kuchsiz bo‘lgan Ukraina energiya taqchilligi yuzaga keltirmoqda. Maqsad – mudofaa, Rossiyani qulatish emas.

Shu kunlarda Ukraina Rossiyaning Sankt-Peterburg oblastiga ham hujumlarni kuchaytirdi. Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu haqda qiziq gap aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Peterburgga qilgani kabi hujumlarni to‘xtatishi uchun ham Rossiya «SVO»ni (ya’ni urushni) davom ettirishi kerak ekan. Ajoyib mantiq.

Rossiya Ukrainada urush boshlaguniga qadar bu davlatga sakson yil davomida hech kim hujum qilishni tasavvur ham qilmagandi. Axir kim ham bunday katta yadroviy davlatga hujum qilardi. Oxirgi marta Rossiyaga Hitler boshchilik fashistlar hujum qilgandi. Lekin Rossiyaning o‘zi boshlagan mantiqsiz urush sabab bugun shunday qudratli, oxiri yo‘q energiya resurslariga to‘la, juda boy davlatda odamning aqliga sig‘maydigan muammolar yuzaga kelmoqda.

Agar urush bo‘lmaganda, bugun qrimliklar bemalol benzin quyib yurgan, belgorodliklar kechasi dron tushmasmikin deb xavotir bilan yurak hovuchlab o‘tirmagan, kiyevliklar metroda emas, uyida uxlayotgan, yuz minglab yosh yigitlar jon qo‘shnisi otgan o‘qdan o‘lib ketmagan, minglab yosh yigitlar zax okopda emas, bola chaqasining yonida uxlayotgan bo‘lardi...

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid