O‘zbekiston | 11:42
931
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta oxirida aksar hududlarda yog‘ingarchilik kutilmayapti

Shanba-yakshanba kunlari respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat asta-sekin ko‘tarilib, yakshanba kuni kunduzi +34…+37 darajagacha yetadi. Joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Foto: Kun.uz

6–7 iyun kunlari respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Juma kuni kunduzi Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati +28…+33 daraja atrofida, janubda +34…+36 darajagacha bo‘ladi.

Shanba kuni faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlari va yakshanbada Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati ushbu kunlarda asta-sekinlik bilan ko‘tarilib, yakshanba kuni kunduzi +34…+37 darajagacha yetadi.

Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Respublika shimolida 7 iyun kuni 20–22 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 5–7 iyun kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel suv-toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida jumaning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +30…+32 daraja bo‘ladi. Shanba va yakshanba kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduz kuniga harorat shanba kuni +30…+32 daraja, yakshanba kuni +34…+36 daraja bo‘ladi.

Shamol 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10–12 metr/soniyagacha kuchayadi, shaharning ayrim joylarida chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid