Iqtisodiyot | 12:08
1322
3 daqiqa o‘qiladi

TBC Bank Group’ga OLX Uzbekistan’ni sotib olishga ruxsat berildi

Raqobat qo‘mitasi muayyan shartlar asosida TBC Group’ga OLX’ni sotib olishga ruxsat berdi. Xususan, qo‘mita talablariga ko‘ra, TBC Bank Group nazoratidagi raqamli platformalar orqali OLX foydalanuvchilari uchun xizmat shartlariga bir tomonlama va asoslanmagan tarzda ta’sir o‘tkazish mumkin emas.  Shuningdek, yig‘ilgan yoki qayta ishlangan ma’lumotlardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanish taqiqlanadi.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

Raqobat qo‘mitasi BAAda ro‘yxatdan o‘tgan Tapuz Limited kompaniyasining OLX Classifieds ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni sotib olishi bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimini ko‘rib chiqib, rozilik berdi.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tahlillar davomida Tapuz Limited’ning asosiy aksiyadori bo‘lgan TBC Bank Group PLC O‘zbekistonda TBC Bank Uzbekistan raqamli tijorat banki hamda Payme to‘lov xizmatiga bilvosita egalik qilishi inobatga olingan. Shuningdek, Payme va OLX Classifieds raqamli platformalar sohasida ustun mavqega ega korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bilan birga, qo‘mita Tapuz Limited O‘zbekistondagi boshqa onlayn reklama platformalari ustav fondlarida ulushga ega emasligini aniqlagan.

“Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim bo‘yicha raqobat muhitini saqlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator majburiy talablar belgilangan holda iqtisodiy konsentratsiya bitimiga oldindan rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi xabarda.

 TBC Bank Group’ga quyidagi talablar qo‘yilgan:

  • “TBC Bank Group PLC” kompaniyasi nazoratidagi raqamli platformalar orqali “OLX” raqamli platformasining hozirgi va kelgusidagi foydalanuvchilari uchun xizmatdan foydalanish shartlariga bir tomonlama va asoslanmagan tarzda ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik;

  • “OLX” raqamli platformasi orqali to‘planadigan yoki qayta ishlanadigan ma’lumotlardan foydalanishda, shuningdek “TBC bank” ATB va “Payme” AJ bilan raqobatda bo‘lgan tijorat tashkilotlarining mijozlariga oid shaxsiy yoki tijorat ma’lumotlaridan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik yoki ularni oshkor qilmaslik, ustun mavqeni suiiste’mol qilmaslik hamda iste’molchilar huquqlarini kamsitmaslik choralarini ta’minlash;

  • OLX xizmatlari uchun to‘lovlarda foydalanuvchilarni faqat Payme yoki TBC Bank ilovalaridan foydalanishga majburlamaslik hamda boshqa to‘lov xizmatlari uchun teng sharoit yaratish;

  • Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarga to‘liq rioya qilish.

 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid