Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina BMT Xavfsizlik kengashini favqulodda yig‘ilishga chaqirdi
Ukrainaning murojaatidan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashi 8 iyun kuni Rossiyaning so‘nggi keng ko‘lamli havo hujumlarini muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi. Kiyev xalqaro hamjamiyatni Moskvaga nisbatan bosimni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa ma’lum qilishicha, BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishi Rossiya tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi ommaviy raketa va dron hujumlari munosabati bilan chaqirilmoqda.
Vazirning ta’kidlashicha, so‘nggi hujumlar Moskva hanuzgacha diplomatiya o‘rniga eskalatsiyani, tinchlik o‘rniga esa terror usulini afzal ko‘rayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Sibixa xalqaro hamjamiyat tomonidan Rossiyaga nisbatan bosimni davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etib, bu BMT Nizomi tamoyillariga hurmatni tiklash va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ilgari surgan tinchlik tashabbusini amalga oshirishga xizmat qilishini bildirdi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri mamlakatni qo‘llab-quvvatlayotgan hamkor davlatlarga minnatdorlik bildirib, adolatli va barqaror tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlar davom etishiga umid bildirdi.
Bundan avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ochiq murojaat yo‘llab, ikki davlat rahbarlari uchrashuvining aniq sanasini belgilashni taklif qilgan edi. Uning fikricha, Shveytsariya, Turkiya yoki arab davlatlaridan biri bunday muloqot uchun maydon bo‘lishi mumkin.
Zelenskiy muzokaralarga Yevropa davlatlari va xavfsizlik kafolatlarini ta’minlay oladigan boshqa ishtirokchilar ham qo‘shilishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Yevropa taqdiriga oid masalalar uchinchi davlatlar ishtirokisiz hal etilmasligi lozim.
Biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi chiqishida hozircha Zelenskiy bilan uchrashishdan ma’no ko‘rmayotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, yuqori darajadagi uchrashuvlar faqat urushni to‘xtatish bo‘yicha aniq kelishuvlar ishlab chiqilgandan keyingina samarali bo‘lishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2 iyun kuni Rossiya Ukraina hududiga yana bir yirik havo hujumini amalga oshirgan. Asosiy nishonlardan biri Kiyev shahri bo‘lgan. Ukraina Qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, hujum davomida 656 ta uchuvchisiz uchish apparati va 73 ta raketa qo‘llangan.