Jahon | 08:45
2160
2 daqiqa o‘qiladi

G7 bayonotidan so‘ng Kiyev yana hujumga uchradi

Rossiya armiyasi G7 davlatlari Ukrainaga qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish haqida bayonot berganidan ko‘p o‘tmay Kiyevga ballistik raketa zarbasini amalga oshirdi. Hujum oqibatida mamlakatning bir qator hududlarida havo trevogasi e’lon qilinib, portlash ovozlari eshitildi.

Foto: AP

18 iyunga o‘tar kechasi Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina poytaxti Kiyevga raketa hujumini amalga oshirdi. Bu haqda xalqaro axborot agentliklari xabar bermoqda. Hujum G7 mamlakatlari Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordamni oshirishga tayyor ekanini ma’lum qilganidan keyin sodir bo‘ldi.

AFP muxbirlarining xabar berishicha, Kiyev shahrida tun davomida havo trevogasi sirenalari yangragan. Oradan ko‘p o‘tmay shahar aholisi raketa uchishi va kuchli portlash ovozlarini eshitgan.

Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko o‘zining Telegram-kanali orqali poytaxt tomon ballistik raketalar uchirilgani haqida ogohlantirgan.

«Havf tugaguniga qadar xavfsiz joylarda qoling», — deya murojaat qilgan u shahar aholisiga.

Shu bilan birga, Ukraina Harbiy-havo kuchlari mamlakatning shimoliy hududlarida ham ballistik raketa hujumi xavfi saqlanib qolayotganini ma’lum qildi.

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, portlash ovozlari faqat Kiyevdagina emas, balki Poltava va Sumi shaharlarida ham eshitilgan. Poltava shahar kengashi ayrim hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilganini ma’lum qildi.

Zaporijjya viloyati ma’muriyati ham mintaqada portlashlar sodir bo‘lganini tasdiqladi. Shuningdek, Ukraina Harbiy-havo kuchlari Sumi viloyati uchun boshqariladigan aviabombalar bilan zarba berish xavfi haqida alohida ogohlantirish tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, tun davomida Ukrainaning bir qator boshqa viloyatlarida ham bir necha marta havo trevogasi e’lon qilingan. Rasmiylar aholini xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid