O‘zbekiston | 21:01 / 18.06.2026
5446
2 daqiqa o‘qiladi

Robaxon Mahmudova Oliy sud raisi bo‘ladi

Prezident tomonidan Robaxon Anvarovna Mahmudovani Oliy sud raisi lavozimiga saylash to‘g‘risida Oliy Majlis Senatiga taqdimnoma kiritildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Robaxon Mahmudova — huquqshunos, sudya, senator, siyosiy arbob. 1958 yil 9 noyabrda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. 1983 yilda Toshkent davlat universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1976 yilda Farg‘ona viloyat sudida kotiblikdan boshlagan. Keyinchalik Farg‘ona shahridagi 1-davlat notarial idorasi notariusi, Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Farg‘ona viloyat sudining sudyasi, Farg‘ona shahar sudi raisi bo‘lib ishlagan.

2004–2008 yillarda Oliy sud sudyasi bo‘lgan. Keyinchalik Farg‘ona viloyati sudi raisi (shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha sud raisi), Farg‘ona yuridik kolleji o‘qituvchisi, Farg‘ona viloyati bo‘yicha Xalq qabulxonasi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.

2020 yil yanvar oyida Oliy Majlis senatori (IV chaqiriq) va Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi etib saylangan. 2020 yil 13 iyulda Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari - ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlangan (10 yil muddatga).

2023 yil 12 may kuni O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi uni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatdi. 2023 yil 9 iyuldagi saylovda u 4,43 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

2024 yil 19 yanvardan - «Adolat» partiyasi Siyosiy kengashi raisi (Oliy suddagi lavozimidan ozod etilganidan keyin). Shuningdek, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasiga rahbarlik qiladi.

2020 yilda «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.

Konstitutsiyaga muvofiq, Oliy sud raisi prezident taqdimnomasiga binoan Senat tomonidan saylanadi. Robaxon Mahmudova ushbu lavozimda Baxtiyor Islomov o‘rnini egallashi kutilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid