Ko‘chmas mulk | 08:47
738
2 daqiqa o‘qiladi

May oyida Toshkent uy-joy bozorida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Toshkent shahri uy-joy bozorida may oyida narxlar segmentlar kesimida turlicha o‘zgardi. Ikkilamchi bozorda 1, 2 va 3 xonali kvartiralar qimmatlashgan bo‘lsa, 4 va undan ortiq xonali uylar arzonlashdi. Birlamchi bozorda esa 1 va 3 xonali xonadonlar narxi oshgan, 2 hamda 4 xonali uylarda pasayish kuzatilgan.

Foto: Kun.uz 

Iqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar institutining may oyi tahliliga ko‘ra, birlamchi bozorda 1 xonali kvartiralar narxi aprel oyiga nisbatan 1,1 foizga, 3 xonali kvartiralar esa 2,7 foizga qimmatlashgan. Shu bilan birga, 2 xonali uylar narxi 1,1 foizga, 4 va undan ortiq xonali kvartiralar esa 1,5 foizga arzonlagan.

Ikkilamchi bozorda eng katta o‘sish 1 xonali kvartiralar segmentida qayd etildi. Ularning narxi bir oyda 5,8 foizga oshgan. Shuningdek, 2 xonali uylar 0,6 foizga, 3 xonali kvartiralar 0,5 foizga qimmatlashgan. 4 xonali va undan katta xonadonlar narxi esa 0,4 foizga pasaygan.

Tumanlar kesimida Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlari eng qimmat uy-joy bozoriga ega hududlar sifatida qayd etilgan. Sergeli, Uchtepa va Olmazor tumanlarida esa nisbatan arzon uy-joylar taklif etilmoqda.

Tahlil natijalariga ko‘ra, poytaxt uy-joy bozorida talab asosan kichik va o‘rta hajmdagi kvartiralarga yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu esa ayrim segmentlarda narxlar o‘sishining davom etishiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid