O‘zbekiston | 15:08
2525
5 daqiqa o‘qiladi

Bo‘rijar kanalida qurilgan mikro GESlar nega ishlamayapti?

Toshkentdagi Bo‘rijar kanali yoqasida mikro GESlar qurila boshlaganiga bir yildan oshdi. Ikki oyda qurib bitkazilishi aytilgan loyiha hamon ishga tushmagan. Energetika vazirligiga ko‘ra, birinchi stansiya “yaqin vaqt ichida” foydalanishga topshiriladi, ikkinchisining qurilishi esa hali boshlanmagan. “Texnopark” bu loyihani tok ishlab chiqarish uchun emas, mikro GESlarni mahalliylashtirish maqsadida boshlagan.

Foto: Kun.uz

Kun.uz'ga Toshkent shahri Bo‘rijar kanalida davlat mablag‘lari hisobidan qurilgan mikro GES ishlamay yotgani haqida murojaat kelib tushdi.

Bu mikro GES qurilishi boshlanganiga bir yildan oshgan bo‘lsa ham, haligacha foydalanishga topshirilmagan va elektr energiyasi ishlab chiqarmayapti.

Loyiha menejeri Ulug‘bek Yoqubov 2025 yil iyun oyi boshida “O‘zbekiston-24” telekanaliga bergan intervyusida Bo‘rijar kanali yoqasiga 57 kW, Bo‘zsuv kanali yoqasiga 105 kW quvvatli mikro GESlar o‘rnatilayotganini aytgan.

Jami 162 kWli elektr stansiyalarimiz yiliga 1 mln kWhdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bo‘rijar kanalida 57 kWli mikro GESlar [qurilishi]ni yakunlashimiz uchun 2 oy talab qilinadi”, – degan Yoqubov.

Vazirlik: Birinchi stansiya “yaqin vaqt ichida” foydalanishga topshiriladi

Mazkur loyiha – respublika bo‘ylab umumiy quvvati 164 MW bo‘lgan 3 mingga yaqin mikro GESlar qurish dasturining bir qismi. Bu dasturga ko‘ra, davlat va xususiy sektor tomonidan yuzlab istiqbolli nuqtalarda mikro GESlar quriladi. Davlat qurgan stansiyalar foydalanishga topshirilganidan keyin “tayyor biznes” shaklida xususiy sektorga sotiladi.

Energetika vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Toshkentdagi Bo‘rijar kanalida 35 va 22 kW quvvatli ikkita mikro GES (ikkisining umumiy quvvati yuqorida aytilganidek 57 kW) qurilishi ko‘zda tutilgan. Shundan:

  • 35 kWli birinchi stansiya qurilishi yakunlangan va hozirda test rejimida ishlamoqda. Stansiya yaqin vaqt ichida foydalanishga topshiriladi.
  • 22 kWli ikkinchi stansiya uchun esa uskunalar xarid qilingan va qurilish ishlari boshlanish arafasida.

Vazirlikka ko‘ra, Toshkent shahridagi Bo‘zsuv va Bo‘rijar kanallarida jami beshta mikro GES qurilishi rejalashtirilgan. Turkiya, Xitoy va boshqa xorijiy ishlab chiqaruvchilarning texnologiyalari asosidagi 15, 22, 35 va 75 kW quvvatli mini stansiyalar shular jumlasidan.

Bo‘rijardagi GESlarni kim quryapti?

Prezident farmoniga asosan, quvvati 5 MWgacha bo‘lgan mikro GES loyihalarini onlayn auksion orqali aniqlanadigan xususiy investorlar amalga oshirishi kerak. Davlat esa ulardan elektr energiyasini kafolatli sotib olish majburiyatini oladi, shu bois elektron auksionda eng past tarifni taklif bergan qilgan investor g‘olib bo‘ladi.

Ammo Bo‘rijar kanalidagi ikkita GES bo‘yicha auksion o‘tkazilmagan. Bu loyihani Toshkent shahar hokimligiga qarashli “Texnopark” MChJ amalga oshirmoqda.

Energetika vazirligiga ko‘ra, Bo‘zsuv va Bo‘rijar kanallari bo‘yidagi beshta yer uchastkasi poytaxt hokimining 2025 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilgan. Keyinchalik bu yer maydonlari bo‘yicha vazirlik va “Texnopark” MChJ o‘rtasida uzoq muddatli ijara shartnomalari tuzilgan.

Maqsad – energiya ishlab chiqarish emas, texnologiyani mahalliylashtirish”

Kun.uz so‘roviga javoban “Texnopark” MChJning ma’lum qilishicha, loyiha elektr energiyasi ishlab chiqarishdan ko‘ra ko‘proq mikro GES texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish va mahalliylashtirishga qaratilgan.

Kompaniya izohiga ko‘ra, buning uchun Turkiya, Chexiya va Xitoy tajribasi o‘rganilgan. Hozirda Cross-Flow, Arximed turbinalari va boshqa texnologiyalar mahalliy sharoitlarda sinovdan o‘tkazilmoqda.

“Texnopark”ning ta’kidlashicha, Toshkentdagi kanallarda mikro GESlarni tashkil etishdan asosiy maqsad – elektr energiyasi ishlab chiqarib sotish emas, balki O‘zbekistonning turli suv oqimlari uchun eng maqbul texnologiyalarni aniqlash va keyinchalik ushbu uskunalar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishdan iborat.

Kompaniya loyihaning birinchi bosqichi qiymati 6 mlrd so‘mni tashkil etishi va barcha xarajatlarni o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirayotganini ma’lum qildi.

Qo‘shimcha qilinishicha, uskunalar sinovi yakunlangach, qurilgan mikro GES majmualari prezident farmonida nazarda tutilgan tartibda “tayyor biznes” shaklida auksion orqali tadbirkorlarga taklif etilishi reja qilingan.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid