Sport | 22:45 / 22.06.2026
1263
7 daqiqa o‘qiladi

Portugaliya xatoni kechirmaydi. Qanday o‘ynaymiz?

Ertaga O‘zbekiston milliy jamoasi JChdagi ikkinchi o‘yinini o‘tkazadi. Raqib birinchi turdagidan ham kuchliroq – asosiy favoritlardan biri Portugaliya. Lekin endi biz ham mundiallarda birorta o‘yin o‘tkazmagan debyutant emas, JCh, unda gol urish nimaligini biladigan Osiyoning kuchli jamoalaridan birimiz. Kannavaro xatolar qimmatga tushganini aytdi. Qayerda xato qildik? Portugaliyadek kuchli jamoaga qarshi qaysi nuqtalarga e’tibor qaratishimiz kerak?

Standartlar

Kolumbiyaga qarshi o‘yinda standart vaziyatlardan juda yomon foydalandik. Tan olaylik, biz guruhdagi barcha uch raqibdan kuchsizroqmiz. Hatto Kongo ijrochilari evaziga bizdan nomdorroq. Albatta, bu maydonda hech nimani anglatmaydi, lekin haqiqat shu. Kuchli jamoaga qarshi o‘yinda kuchsizroq jamoalar doim standart vaziyatlarga jiddiy e’tibor qaratadi.

2004 yilgi Yevropa chempionatini eslang. Ko‘pchilik guruhdan chiqishiga ham shubha qilgan Yunoniston oxirida chempion bo‘lib ketgan. Ochilish o‘yinida yunonlarga yengilgan mezbon Portugaliya finalda ham shu raqibga tushgach, qasos o‘tida yonib o‘ynagan, qo‘rqinchli «Da Luj» portugallarga qo‘shimcha kuch bergan. Lekin Figu, Ronaldu, Deku, Pauleta kabi yulduzlar birorta gol ura olmagan. Yunonlar esa burchak zarbasidan gol urib, chempion bo‘lib ketgan. Angelos Xaristiasning o‘sha goli kechagidek yodimda.

Yoki 2012 yilgi YeChL finalini eslang. «Bavariya» o‘z maydonida o‘tgan finalda 20 marta burchak zarbasi tepadi, natija – 0. Chelsi esa 88-daqiqada birinchi marta burchak zarbasi tepib, Drogba hisobni tenglashtiradi. Keyinchalik penaltilar seriyasida inglizlar yutib ketadi.

Bunday misollar ko‘p. Bir so‘z bilan aytganda, biz burchak zarbalarini, jarimalarni, hatto autlarni ovchi kabi sergak kutishimiz kerak. Kolumbiyaga qarshi o‘yinda standart ijrochilari ham aniqlab olinmagandek tuyuldi. Portugaliya to‘pni bermaydi, ijrochilar juda kuchli, shu sabab standartlarni o‘zgacha qadrlashimiz, ulardan maksimal foydalanishimiz shart. Oddiy autni ham golga aylantirish mumkin. Kumikov davrida «Andijon» buni qanday samarali usulga aylantirib olganini eslang. Chexiya birinchi turda autdan yetkazib berilgan to‘pdan keyin gol urdi. Burchak zarbalari «Arsenal»ni Angliya chempioni qildi!

Yaqinroq masofadan belgilangan jarima zarbalarini to‘g‘ri darvozaga yo‘llasak, samaraliroq bo‘lsa kerak. Chunki tarkibda kuchli zarbaga ega ijrochilar yetarli. Behruzning o‘yin yakunidagi fantastik zarbasini ko‘rdingiz. Abbos, Shukurov, Alijonovlar ham olisdan gol urishga usta.

Markaz

Biz bilan o‘yinda Luis Diasning goliga assistentlik qilgan Gustavo Puerta jamoasi maydon markazidagi ustunlik evaziga g‘alaba qozonganini aytdi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Kolumbiya juda kuchli vingerlari bo‘lsa ham, o‘yin taqdirini hal qilgan dastlabki ikki golini markazdan qilingan hujum natijasida urdi.

Demak, bizda himoya va yarimhimoya o‘rtasidagi bog‘lamlarda muammo bor. Bo‘lmasa markazdagi ijrochilar yomon emas, Mozgovoy O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi yarimhimoyachisi, Shukurov tajribali yetakchi. Balki uch markaziy himoyachi bilan o‘ynash to‘g‘ri kelmayotgandir, bilmadim. Nima bo‘lganda ham, Portugaliya bilan o‘yinda markazni kuchaytirishimiz kerak.

Raqibning eng kuchli chizig‘i aynan markaz. Brunu Fernandesh, Vitinya, Bernardu Silva, Ruben Nevesh, Juan Nevesh – nomlarning o‘zi qo‘rqinchli. Bizda ham uzoq yillar markaz eng kuchli nuqtamiz edi, hozir ham ijrochilar yomon emas. Murabbiy bor futbolchilardan to‘g‘ri foydalanishi kerak.

Konsentratsiya

Kolumbiya bilan o‘yinda har qancha g‘alati bo‘lmasin, ikkita golni qarshi hujumda o‘tkazib yubordik. Ikkinchi golda biz hali to‘liq hujumga o‘tishga ham ulgurmagandik, lekin kamida olti kishi hujumda qatnashishga tayyor edi. Mudofaada kamchilik qoldik va Kolumbiya to‘pni olib qo‘ygach, hujumning yakuniy fazasida beshga uch ko‘rinishida ustunlikka ega bo‘ldi. Vaholanki, o‘sha vaqtda hisob bizni qoniqtirar, bunaqa katta kuch bilan oldinga borishimiz shart emasdi.

Uchinchi gol ham shunday urildi. Biz butun jamoa bo‘lib hujumga o‘tdik, raqib qarshi hujumdagi duyelni yutib, gol urdi. Vaholanki 1:2 ham qo‘rqinchli hisob emas, oxirgi daqiqalarda bitta pozitsion hujumdan omadimizni izlaganimiz tuzukroq edi. Karimovning zarbasi golga aylansa, uchinchi golni o‘tkazib yuborganimiz ikki hissa alamli bo‘lardi.

Men futbolchilarni ayblashdan yiroqman, bildirayotgan fikrim oddiy futbol muxlisining xulosalari. Mundialda bir ochko olish ham katta natija. Eng muhimi biz uchinchi turda ham kurashda qolishimiz, chunki Kongo guruhda biz yengishimiz mumkin bo‘lgan jamoa. Portugaliya bilan o‘yinda durang o‘ynash imkoniyatimiz bo‘lsa, gol urish uchun butun jamoa bo‘lib oldinga intilishimiz shart emas deb o‘ylayman. Chunki bu biz uchun hayot-mamot masalasi hal bo‘layotgan musobaqa emas.

Men Portugaliyaga qarshi o‘yinda yaxshiroq harakat qilishimizga ishonyapman. Chunki birinchi o‘yinda yigitlar mundial nafasini his qilishdi. Endi ularda tajriba bor. Murabbiy ham xatolarni ko‘rib oldi. Portugaliyaliklar boya aytganimizdek ayollarning dedi-dedisi kabi intrigalar bilan ovora bo‘lib yuribdi. Va Amerikadagi o‘yinda muxlislarimiz ko‘proq bo‘ladi. Bu ham bizga yordam berishi kerak. Biz esa futbolchilarni oxirigacha qo‘llab-quvvatlaymiz. Yigitlar, siz biz uchun eng yaxshisiz. Sizdan ko‘p narsa so‘ramaymiz, oxirgi turda ham pley-offga chiqish imkonin saqlab qolsak, siz chinakam qahramonlik qilgan bo‘lasiz. Raqib safida Ronaldu o‘ynasa nima qilibdi, bizda aynan shunaqa yulduzlarni to‘xtatishni boplaydigan megayulduz bor...

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid