Avto | 08:18
1607
3 daqiqa o‘qiladi

2026 yilning eng ishonchli avtomobil brendlari ma’lum qilindi

J.D. Power kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan 2026 yilgi tadqiqot natijalariga ko‘ra, Lexus eng ishonchli avtomobil brendi sifatida ketma-ket to‘rtinchi yil yetakchilikni saqlab qoldi. Shu bilan birga, sohada umumiy holat yomonlashib, haydovchilar har qachongidan ko‘proq nosozliklar haqida xabar bermoqda.

Tadqiqotda avtomobillarning ishonchliligi PP100 (100 ta avtomobilga to‘g‘ri keladigan muammolar soni) ko‘rsatkichi orqali baholangan. Bu ko‘rsatkich qancha past bo‘lsa, brend shuncha ishonchli hisoblanadi.

2026 yilda Lexus har 100 ta avtomobilga 151 ta muammo ko‘rsatkichi bilan birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlardan Buick (160 PP100) va MINI (168 PP100) joy oldi.

Tadqiqot uch yil davomida ekspluatatsiya qilingan avtomobillarning birinchi egalari tomonidan bildirilgan shikoyatlar asosida shakllantirilgan. Unga ko‘ra, soha bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 204 ta muammoni tashkil etgan bo‘lib, bu rekord daraja hisoblanadi.



Mutaxassislar ta’kidlashicha, avtomobillardagi asosiy muammolar endi mexanik qismlar emas, balki multimedia tizimlari, smartfonlar bilan integratsiya va turli dasturiy nosozliklar bilan bog‘liq. Xususan, Android Auto va Apple CarPlay tizimlari bilan bog‘liq muammolar so‘nggi uch yil davomida haydovchilar tomonidan eng ko‘p tilga olinayotgan shikoyatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Yaponiya avtomobilsozlik sanoati tadqiqotda yana yuqori natijalar qayd etdi. Subaru, Toyota, Nissan, Honda va Mazda brendlari soha bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yaxshiroq natija ko‘rsatib, ishonchli avtomobil ishlab chiqaruvchilari sifatidagi obro‘sini tasdiqladi.

Premium segment vakillari ham yuqori natijalar qayd etdi. Cadillac, Porsche, BMW va Genesis reytingning yuqori qismiga kirdi.

Tadqiqot shuni ham ko‘rsatdiki, turli quvvat qurilmalariga ega avtomobillar orasida eng ko‘p muammo kuzatilayotgan toifa — tashqi quvvat manbaidan zaryadlanadigan gibrid avtomobillardir. Ularda har 100 ta avtomobil hisobiga 281 ta nosozlik qayd etilgan.

An’anaviy benzin dvigatelli avtomobillar esa ishonchlilik bo‘yicha yaxshilanish ko‘rsatgan yagona toifa bo‘ldi. Ulardagi muammolar ko‘rsatkichi 198 tagacha pasaygan.

Reytingning quyi qismida esa Volkswagen, Volvo va Land Rover brendlari joylashdi. Ular orasida eng yomon natijani Volkswagen qayd etgan bo‘lib, har 100 ta avtomobilga 301 ta muammo to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich reyting yetakchisi Lexus natijasidan qariyb ikki barobar yuqori hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid