Jahon | 08:30
958
3 daqiqa o‘qiladi

Mamlakatlar imiji reytingi: yetakchilar va autsayderlar ma’lum bo‘ldi

Shveytsariya va Kanada xalqaro maydonda eng ijobiy imijga ega mamlakatlar deb topildi. Democracy Perception Index 2026 tadqiqoti natijalariga ko‘ra, aynan shu ikki davlat dunyo aholisi orasida eng yuqori simpatiya ko‘rsatkichini qayd etgan.

Foto: AP

Tadqiqot doirasida 85 mamlakatda yashovchi 46 mingdan ortiq respondent ishtirok etgan. Reyting mamlakatlarga nisbatan ijobiy va salbiy munosabatlar o‘rtasidagi farq asosida tuzilgan. Ko‘rsatkich qancha yuqori bo‘lsa, mamlakatning xalqaro imiji shuncha yaxshi hisoblanadi.

Natijalarga ko‘ra, Shveytsariya va Kanada +36 ball bilan reytingning birinchi pog‘onasini egalladi. Keyingi o‘rinlardan Yaponiya (+34) va Shvetsiya (+33) joy oldi.

Eng ijobiy baholangan 15 mamlakatning aksariyati Yevropa davlatlari hisoblanadi. Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning o‘rtacha ko‘rsatkichi +26 ballni tashkil qilgan. Biroq Fransiya va Buyuk Britaniyaning nisbatan past baholanishi (+11) umumiy natijani pasaytirgan.

Mutaxassislar fikricha, Shveytsariya, Kanada va Italiya kabi mamlakatlarning yuqori o‘rinlarni egallashiga siyosiy barqarorlik, yuqori turmush darajasi, xalqaro diplomatik nufuz va ochiq jamiyat modeli sabab bo‘lgan.

Reytingda Avstraliya va Yangi Zelandiya ham yuqori natija ko‘rsatib, har biri +30 ball to‘plagan. Osiyoda esa Singapur va Janubiy Koreya (+21) eng yaxshi baholangan davlatlar qatoriga kirgan.

Tadqiqotning e’tiborli jihatlaridan biri AQShning natijasi bo‘ldi. Dunyodagi eng yirik iqtisodiyot va eng ta’sirchan davlatlardan biri bo‘lishiga qaramay, AQSh -16 ball bilan reytingning eng quyi beshtaligidan joy olgan.

Tahlilchilar qayd etishicha, AQShga bo‘lgan munosabat so‘nggi o‘n yillikda tashqi siyosat, migratsiya va xalqaro mojarolar fonida sezilarli darajada yomonlashgan. Natijada mamlakat reytingda Eron (-17) va Iroq (-13) kabi davlatlar bilan yonma-yon joylashgan.

Reytingning eng oxirgi pog‘onasidan esa Isroil o‘rin olgan. Mamlakatning ko‘rsatkichi -24 ballni tashkil etgan. Tadqiqot mualliflari bu holatni G‘azo sektoridagi mojaro, shuningdek Livan, Suriya va ayniqsa Eron bilan bog‘liq harbiy to‘qnashuvlar atrofidagi xalqaro bahslar bilan izohlamoqda.

Natijada Isroil nafaqat ko‘plab davlatlardan, balki Afg‘oniston va Shimoliy Koreya (-19) kabi mamlakatlardan ham past natija qayd etib, reytingning eng salbiy baholangan ishtirokchisiga aylangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid