Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda «aqlli zebra» tizimi sinov tariqasida ishga tushirildi
Toshkent shahrida piyodalar xavfsizligini oshirish maqsadida yangi avlod RRFB (Rectangular Rapid Flashing Beacon) texnologiyasi sinov tariqasida joriy etildi. Yangi tizim haydovchilarni piyodalar o‘tish joyi haqida oldindan ogohlantirish orqali yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Osiyo ko‘chasida RRFB — yuqori intensivlikdagi ogohlantiruvchi mayoqlar tizimini yangi turdagi faol yo‘l belgilari bilan uyg‘unlashtirgan holda sinov tariqasida ishga tushirdi.
Mazkur texnologiya haydovchilar piyodalar o‘tish joyini qaysi qator yoki qaysi yo‘nalishda harakatlanayotganidan qat’i nazar, uzoq masofadan aniq ko‘rishi uchun ishlab chiqilgan. Tizim asosan transport oqimi past va o‘rtacha bo‘lgan ko‘chalarda qo‘llashga mo‘ljallangan.
Loyiha doirasida ogohlantiruvchi signal chiroqlari yo‘lning ikki chetida, ajratuvchi qismida hamda qatnov qismi ustidagi baland konstruksiyaga o‘rnatilgan. Bu esa piyodalar o‘tish joyining haydovchilarga har qanday nuqtadan yaxshi ko‘rinishini ta’minlaydi.
Shuningdek, yo‘lning ikki tomonida chaqiruv tugmalari bilan jihozlangan ustunlar o‘rnatilgan. Piyoda tugmani bosgan zahoti ustunlardagi yorqin sariq signal chiroqlari ishga tushib, haydovchilarni piyodalarning yo‘lni kesib o‘tish niyati haqida ogohlantiradi.
«Piyodalar o‘tish joyi» yo‘l belgisi ham yorug‘lik tarqatuvchi maxsus quti shaklida tayyorlangan bo‘lib, ayniqsa kechki va tungi vaqtda uning uzoqdan yaxshi ko‘rinishini ta’minlaydi.
AQSh Federal avtomobil yo‘llari boshqarmasi (FHWA) tadqiqotlariga ko‘ra, RRFB tizimi o‘rnatilgan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilarning piyodalarga yo‘l berish darajasi o‘rtacha 18–30 foizdan 98 foizgacha oshishi mumkin. Shuningdek, yorqin chaqnama signallar haydovchilarga tezlikni oldindan pasaytirish imkonini berib, keskin tormoz berish holatlarini kamaytiradi.
Bu O‘zbekiston yo‘l infratuzilmasida RRFB texnologiyasini pilot tartibda joriy etish bo‘yicha ilk loyihalardan biri hisoblanadi. Sinov natijalari asosida tizimning piyodalar xavfsizligini ta’minlashdagi amaliy samaradorligi baholanadi.
Mavzuga oid
09:29 / 03.04.2026
Shota Rustaveli ko‘chasida avtobus piyodani urib yubordi
19:50 / 12.01.2026
Farg‘onada “prava”siz ayol uch odamni urib yubordi, bir kishi to‘shakka mixlandi: jabrlanuvchilar sud hukmidan norozi
14:00 / 15.12.2025
Samarqand darvoza-Qoratosh chorrahasida Lacetti piyodani urib yubordi
13:15 / 03.12.2025