Avto | 08:43
1911
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon avtosanoatida kuchlar muvozanati o‘zgarmoqda

2020–2025 yillar bo‘yicha jahonning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari reytingida Toyota va Volkswagen yetakchilikni saqlab qoldi. Shu bilan birga, Xitoyning BYD va Geely kompaniyalari jadal o‘sish sur’atlarini namoyish etib, global avtomobil bozoridagi raqobatni keskin kuchaytirmoqda.

Visual Capitalist tomonidan F&I Tools yillik statistikasi asosida tayyorlangan infografikada so‘nggi besh yil davomida avtomobil ishlab chiqaruvchilarning savdo hajmi va bozordagi o‘rnida yuz bergan o‘zgarishlar tahlil qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toyota 2025 yilda 11 milliondan ortiq avtomobil sotib, yana bir bor dunyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi maqomini saqlab qolgan. Yaponiya konserni butun o‘n yil davomida ushbu reytingda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Ikkinchi o‘rinni esa qariyb 9 million avtomobil sotgan Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi egallagan.

Biroq boshqa yapon brendlari uchun vaziyat unchalik ijobiy bo‘lmagan. Honda 2020 yildagi beshinchi o‘rindan 2025 yilda sakkizinchi o‘ringa tushib ketgan. Nissan esa yettinchi pog‘onadan o‘ninchi o‘ringacha pasaygan.

Pandemiyadan keyin Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari ham jiddiy qiyinchiliklarga duch keldi. Mercedes-Benz va Renault kompaniyalarining 2025 yilgi sotuvlari 2020 yil darajasidan past bo‘lgan. BMW esa jahon reytingida ikki pog‘onaga pasaygan.

Bozordagi raqobatni saqlab qolish maqsadida ayrim kompaniyalar birlashish yo‘lini tanladi. Masalan, Fiat Chrysler konserni 2021 yilda Fransiyaning PSA Group kompaniyasi bilan qo‘shilib, Stellantis konsernini tashkil etdi. Yangi avtogigant 2025 yil yakunlariga ko‘ra 5,6 million avtomobil sotib, dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi.

Shu bilan birga, Xitoy jahon avtomobil sanoatining eng tez rivojlanayotgan markazlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, BYD va Geely kabi kompaniyalar qisqa vaqt ichida sezilarli o‘sishga erishdi.

2023 yilgacha dunyoning eng yirik 15 ta avtokompaniyasi qatoriga kirmagan BYD 2024 yilda katta sakrashni amalga oshirib, 4,1 milliondan ziyod avtomobil sotdi. Kompaniya elektromobillar bozoridagi yetakchi o‘yinchilardan biriga aylanib, sotuv hajmi bo‘yicha hatto Teslaʼni ham ortda qoldirdi. Bu esa BYD AQSh bozorida deyarli faoliyat yuritmasligiga qaramay kuzatildi.

Geely ham jadal o‘sishni namoyish etdi. Kompaniyaning global sotuvlari 2020 yildagi 1,3 milliontadan 2025 yilda 3 milliondan ortiq avtomobilga yetdi.

Amerika avtomobil sanoatida ham o‘sish sur’atlari cheklangan bo‘ldi. General Motors 2025 yilda besh yil avvalgiga nisbatan qariyb 500 mingta kam avtomobil sotgan. Ford esa aksincha, shu davrda sotuvlarini taxminan 450 mingtaga oshirishga muvaffaq bo‘lgan.

Yaponiyaning Suzuki kompaniyasi eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlaridan birini qayd etdi. Kompaniyaning sotuvlari 2020 yildagi qariyb 1,5 million avtomobildan 2025 yilga kelib 3,3 milliontagacha oshib, ikki baravardan ortiq o‘sgan.

Tahlilchilarning fikricha, jahon avtomobil bozorida raqobat tobora kuchayib borayotgan bir paytda, Xitoy ishlab chiqaruvchilarining tez sur’atlarda o‘sishi yaqin yillarda global reytingdagi kuchlar muvozanatini yanada o‘zgartirishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid