Jahon | 11:30
1124
2 daqiqa o‘qiladi

Rinkevichs: Ukrainada tinchlikka Yevropa ishtirokisiz erishib bo‘lmaydi

Latviya prezidenti Edgars Rinkevichsning aytishicha, NATO Rossiya bilan mojaroning yanada keskinlashishi va hatto alyans bilan ochiq to‘qnashuv ehtimoliga tayyor bo‘lishi lozim. U Yevropa davlatlarini mudofaa salohiyatini jiddiy ravishda kuchaytirishga chaqirib, faqat harbiy xarajatlarni oshirishning o‘zi yetarli emasligini ta’kidladi.

Foto: AP

Edgars Rinkevichs bu haqda 3 iyul kuni Deutsche Welle nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOga a’zo davlatlar Kremlga aniq signal yuborishi kerak: agar Rossiya alyansga qarshi harakat qilsa, unga nisbatan mutanosib javob qaytariladi.

Rinkevichs, shuningdek, Ukrainada barqaror tinchlikka Yevropa ishtirokisiz erishib bo‘lmasligini qayd etdi. Uning fikricha, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki xavfsizlik nuqtai nazaridan ham Yevropa manfaatlariga mos keladi.

Latviya prezidentining ta’kidlashicha, o‘tgan yili NATO davlatlari mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha yetkazishga kelishib olgan bo‘lsa-da, bu ham yetarli emasligi ayon bo‘lmoqda.

«Muammo faqat mablag‘da emas. Muhimi, ushbu mablag‘lar evaziga zamonaviy qurol-yarog‘, raketalar va harbiy texnikalarni sotib olish hamda harbiy salohiyatni oshirishdir», — dedi u.

Rinkevichs AQShni Yevropa xavfsizligining ajralmas hamkori sifatida baholab, ayrim yevropalik siyosatchilarning bayonotlariga qaramay, Vashington qit’a mudofaasida hal qiluvchi o‘rin tutishini ta’kidladi.

3 iyul kuni Edgars Rinkevichs kelasi hafta Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti oldidan Berlinga tashrif buyurdi. U yerda Estoniya bosh vaziri Kristen Mixal va Litva prezidenti Gitanas Nauseda bilan birgalikda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv yakunida Germaniya kansleri Fridrix Mers Boltiqbo‘yi davlatlari xavfsizligi Germaniya xavfsizligining ham ajralmas qismi ekanini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid