Sport | 15:02
5327
7 daqiqa o‘qiladi

JCh anonsi. Braziliyada noqulay raqib, Angliya mezbonlarga qarshi

Bu oqshom jahon chempionatida chorakfinalning yana ikki ishtirokchisi aniqlanadi.

Foto: Getty Images

6 iyulga o‘tar kechasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida nimchorakfinal doirasida yana ikki uchrashuv o‘tkaziladi: dastlab Vinisus Junior yetakchiligidagi Braziliya Erling Holand boshchiligidagi Norvegiya bilan kuch sinashadi. Tongga yaqin turnir mezbonlaridan biri Meksika chorakfinal yo‘llanmasi uchun Angliyaga qarshi to‘p suradi.

Braziliya – Norvegiya
6 iyulga o‘tar kechasi, 01:00. New York/New Jersey Stadium, Nyu York

Aytish mumkinki, Norvegiya Braziliya uchun noqulay raqib hisoblanadi. Lotin Amerika vakillari shu vaqtgacha ushbu jamoaga qarshi jami to‘rt uchrashuv o‘tkazgan va biror marta g‘alaba qozona olmagan. Jamoalarning yagona rasmiy o‘yini 1998 yilgi mundial guruh bosqichida bo‘lib o‘tgandi, o‘shanda Braziliya oldingi ikki turda g‘alaba qozongandi va uchinchi turga aralash tarkib tushirilgandi, natijada skandinavlar Ture Andre Fluning dubli evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. Bundan tashqari, 1988 yil iyulida va 2006 yil avgustida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida bir xil hisoblar (1:1) qayd etilgan, 1997 yil mayidagi o‘yinda esa Yevropa vakillarining qo‘li ustun kelgan (4:2).

Lekin gap faqat tarixda ham emas. Braziliyada so‘nggi vaqtlarda barqaror jamoa shakllanmayapti va mahalliy futbolda inqiroz yuzaga kelgani haqida ham gaplar chiqib turadi.

Pentakampeonlar bu gaplarni isbotlagandek, turnirni Marokash bilan o‘yinda ochko yo‘qotish (1:1) bilan boshladi. Keyingi turlarda Karlo Anchelotti shogirdlari o‘ziga kelishdi: Haiti (3:0) va Shotlandiya (3:0) yirik hisoblarda taslim etildi. 1/16 finalda esa Yaponiya ham jiddiy muammo tug‘dirdi (2:1). O‘yinning 29-daqiqasida Kaysu Sano hisobni ochdi, faqat ikkinchi bo‘limga kelib Kazemiro muvozanatni tikladi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Gabriel Martinelli g‘alaba golini urib, «Selesao»ni 1/8 finalga olib chiqdi.

Umuman, hozircha Braziliya o‘z imkoniyatlari darajasida o‘ynayaptimi yoki Anchelottida hali qo‘shimcha richaglar bormi, buni tushunish qiyin. Jamoa muxlislari Vinisiusning individual mahoratidan umid qilishmoqda, u turnirni kuchli o‘tkazmoqda («gol plyus pas» bo‘yicha 4+1). Shuningdek, Brunu Gimarayes ham yaxshi tassurot qoldirmoqda. Ammo qolganlardan Norvegiya bilan o‘yinda bor salohiyatini ko‘rsatish talab etiladi, raqib esa shunchaki saviya hisobiga yengish mumkin bo‘lgan jamoa emas.

Skandinavlar o‘yinini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olgan, jismonan kuchli va qarshi hujumlarda xavfli bo‘lgan jamoa. Norvegiya guruhning dastlabki ikki o‘yinida Iroq (4:1) hamda Senegal ustidan ishonchli hisoblarda g‘alaba qozondi (3:2) va muddatidan oldin pley-off yo‘llanmasini rasmiylashtirdi. Shundan keyin jamoa bosh murabbiyi Stole Solbakken Fransiyaga qarshi o‘yin uchun ikkinchi tarkibni tashladi va jamoa yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi (1:4). Lekin o‘sha o‘yinda dam olgan asosiy tarkib futbolchilari pley-offda Kot-d'Ivuar ustidan g‘alabaga erishdi (2:1). Holand ikkinchi bo‘lim oxirlarida g‘alaba golini urdi va jamoani qo‘shimcha yarim soat ter to‘kishdan qutqardi.

Vikinglar ushbu turnirdagi sirli toychoq rolini o‘ynamoqda. 1998 yildan buyon jahon chempionatlarida qatnashmagan jamoa birato‘la 1/8 finalga chiqqan. Ularning har o‘yindan keyin o‘z muxlislari bilan o‘tkazayotgan eshkak eshish marosimi esa bu turnirning o‘ziga xos ramziga aylandi.

Foto: FIFA rasmiy sayti

Oldindagi o‘yin taqdiri kim jismonan tayyor holatdaligi va kuchni qanchalik to‘g‘ri taqsimlay olishiga bog‘liq. Chunki hozirda g‘arbiy yarimsharda juda issiq harorat kuzatilmoqda va futbolchilarga 90 daqiqada intensiv futbol namoyish etish oson bo‘lmaydi.

Ushbu juftlik g‘olibini keyingi bosqichda Meksika va Angliya juftligida g‘olib bo‘lgan jamoaga qarshi o‘yin kutadi.

Meksika – Angliya
6 iyul, 05:00. Estadio Azteca, Mexiko

Angliya va Meksika ham shu vaqtgacha rasmiy o‘yinlarda faqat bir marta to‘qnashishgan. 1966 yil o‘z maydonida o‘tgan mundialda inglizlar «Uembli»da 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, chempionlik uchun yurishini davom ettirgan.

Ammo endi inglizlar Londondagi o‘z uy stadionida emas, balki o‘n minglab meksikaliklar bilan to‘lib-toshadigan «Atsteka» o‘yingohida o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.

Ushbu o‘yingoh dengiz sathidan 2200 metr balandlikda joylashgani inglizlar uchun asosiy muammoga aylanishi mumkin. Bu organizm uchun jiddiy stress bo‘ladi. Bu yerda uyqu yomonlashadi, plazma hajmi kamayadi, nafas olish qiyinlashadi.

Angliya milliy jamoasi o‘yindan 48 soat oldin Mexikoga yetib borgan. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, bunday balandlikda ikki kun o‘tib odamda akklimatizatsiyaning eng og‘ir lahzalari biri boshlanadi. Organizmning ish unumdorligi keskin pasayadi. Bu davr aynan o‘yin vaqtiga to‘g‘ri keladi. Turnir boshidan buyon shu yerda bo‘lgan meksikaliklar esa allaqachon moslashib bo‘lishgan.

Bundan tashqari, ushbu turnirdagi o‘yinlar Tomas Tuxel jamoasi tig‘iz himoyalanuvchi jamoaga qarshi muammoga duch kelishini ko‘rsatmoqda. Guruhda Gana bilan, pley-offda Kongo DR bilan o‘yinlarda shu holat kuzatildi. Meksikada ham raqibning ushbu kamchiligidan foydalanish imkoniyati bo‘ladi.

Boshqa tomondan, meksikaliklar bu mundialda umuman himoyada o‘ynamayapti. Jamoa ilk bor ikkinchi raqam ostida to‘p surishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Meksika himoya chizig‘ini yuqoriga joylashtiradi va raqibni ancha oldinda pressing qiladi, ammo bu uslub nisbatan kuchsiz jamoalarga qarshi ish beradi. Futbol muxlislari Haviyer Agirre jamoasi vaziyatga qanchalik moslashuvchan ekanini bir necha soatdan keyin bilib olishadi. Agar jamoa buning uddasidan chiqsa, turnirda navbatdagi sensatsiya ro‘y berishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid