Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FIFAda mojaro: tashkilot amerikalik futbolchining diskvalifikatsiyasini kechiktirdi
Bu qaror Oq uydan bo‘lgan qo‘ng‘iroqdan keyin qabul qilingani aytilmoqda. Tramp bu qarorni olqishladi.
AQSh milliy jamoasi hujumchisi Folarin Balogun jahon chempionati 1/8 final bosqichida Belgiyaga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi – u jamoasining oldingi o‘yinida qizil kartochka olgandi. Ammo FIFA ushbu futbolchining diskvalifikatsiyasini bir yillik sinov muddati bilan to‘xtatib turadigan bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp bu qaror uchun tashkilotni maqtadi va minnatdorchilik bildirdi.
Nimalar ma’lum?
25 yoshli hujumchi 1/16 finalda Bosniya va Hersegovina darvozasiga gol urib, hisobni ochgan, ammo ikkinchi bo‘lim davomida raqib himoyachisi Tarik Muxaremovich bilan to‘qnashgandi – amerikalik futbolchi raqib oyog‘ining to‘piq qismiga zarba berib yuborgandi. Avvaliga bosh hakam Rafael Klaus epizodni e’tiborsiz qoldirgan, ammo VAR aralashuvidan keyin Folaringa «jiddiy qoidabuzarlik» uchun qizil kartochka ko‘rsatgandi.

FIFA turniri reglamentining 10.5-moddasiga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka avtomatik ravishda bir o‘yinga diskvalifikatsiyaga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, futbolchiga qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llanishi ham mumkin edi (masalan, shu turnirda Kanada yarimhimoyachisi Ismoil Konening oyog‘ini sindirib yuborgan qatarlik himoyachi Assim Madiboga keyinchalik 5 o‘yinlik diskvalifikatsiya qo‘llandi).
Balogun bilan bog‘liq vaziyatda esa FIFA intizomiy kodeksning 27-moddasini ishga tushirgan, unga ko‘ra «sud organi choralarni qo‘llashni to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin».
«AQSh milliy jamoasi futbolchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi bir yillik sinov muddatiga to‘xtatiladi», – deyilgan FIFAning 5 iyul kungi bayonotida.
Nizomga ko‘ra, bir yil ichida futbolchi intizomiy qoidabuzarlik sodir etadigan bo‘lsa, diskvalifikatsiya avtomatik tarzda tiklanadi va qo‘shimcha jazo ham qo‘llanishi mumkin.
«FIFA bu moddani juda kam holatlarda qo‘llaydi. Sanksiyani to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror ishning aniq holatlarini hisobga olgan holda, qoidabuzarlik juda jiddiy bo‘lmasa va intizomiy qo‘mita futbolchini chetlatish zarur emas degan xulosaga kelganda qabul qilinadi. Ushbu holatda qaror yakuniy hisoblanadi», – degan «SE» nashri sport huquqshunosi Yuriy Zaytsev..
Endi Balogun rasman bugun tunda 1/8 final doirasida Belgiyaga qarshi kechadigan o‘yinda maydonga tushishi mumkin. Tabiiyki, amerikaliklarning raqibi bu qarordan norozi bo‘lishdi.
«Belgiya qirolligi futbol assotsiatsiyasi (RBFA) FIFA qaroridan hayratda [...] Barcha ishtirokchi jamoalarning qonuniy huquqlarini himoya qilish va ushbu jahon chempionatida ham, kelgusidagi turnirlarda ham sportimizda halol o‘yinning asosiy tamoyillarini saqlab qolish uchun RBFA keyingi harakatlarning barcha ehtimoliy variantlarini o‘rganib chiqmoqda», – deyiladi bayonotda.
Vashingtondan qo‘ng‘iroq
Britaniyalik nufuzli jurnalist Ben Jyeykobsning xabar berishicha, Balogunning diskvalifikatsiyasi Oq uydan bo‘lgan qo‘ng‘iroqdan keyin to‘xtatilgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, AQSh ma’muriyati qaror qayta ko‘rib chiqilishini so‘rab, to‘g‘ridan to‘g‘ri FIFA prezidenti Janni Infantinoga murojaat qilgan. Ammo federatsiyadagilar Vashingtonning ishtirokini rad etishdi va mustaqil intizomiy qo‘mita shunday xulosa chiqarganini bildirishdi.
Futbolchiga nisbatan sanksiya bekor bo‘lgani haqidagi xabar ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda qisqacha xabar qoldirdi.
«To‘g‘ri qaror uchun FIFAga rahmat. Katta adolatsizlik tuzatildi!» – deya yozgan Qo‘shma Shtatlar rahbari.
AQSh futbol federatsiyasi ham diskvalifikatsiya to‘xtatilganini olqishlagan. «Biz intizomiy qo‘mita qarorini qabul qilamiz va Balogunning ertaga o‘ynash huquqiga ega ekanidan xursandmiz», – deya U.S. Soccer bayonotidan iqtibos keltiradi Jyeykobs.
AQShdagilar qizilga norozilik bildirgandi
Diskvalifikatsiya bekor qilinishi Qo‘shma Shtatlar jamoasi uchun katta yutuq bo‘ldi. Balogun – jamoaning asosiy yulduzlaridan biri hisoblanadi. Ushbu hujumchi jahon chempionatidagi deyarli barcha o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgandi (guruh bosqichining so‘nggi turida natijasi ahamiyatsiz bo‘lgan Turkiyaga qarshi o‘yin bundan mustasno), Paragvay bilan o‘yinda dubl qayd etgan, Avstraliya bilan o‘yinda golli pas bergan, Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yinda chetlatilishidan oldin hisobni ochishga ulgurgandi.

Balogunning qizil kartochkasiga o‘sha vaqtdayoq Amerika tomonidan jiddiy e’tirozlar bildirilgandi. O‘yindan keyin nafaqat muxlislar va bosh murabbiy Maurisio Pochettino, balki AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham o‘z noroziligini bildirib, amerikaliklar jamoasi o‘yinida «nohaq hakamlik» qilinganini aytgandi.
Futbolchi ham o‘z harakati qizil kartochkaga loyiq bo‘lmaganini aytib chiqqandi. «Oyog‘imni qo‘yishga joy yo‘q edi, shuning uchun bunday kontakt bo‘lishi muqarrar edi. Men ko‘plab turli xil fikrlar va nuqtayi nazarlarni ko‘rdim, lekin shaxsan men sariq kartochka bilan cheklanish to‘g‘ri qaror bo‘lardi, deb hisoblayman», – deya Balogunning so‘zlarini keltirgan ESPN.
Bundan tashqari, mahalliy nashrlar guruh bosqichida Jazoirga qarshi o‘yinda Argentina milliy jamoasi sardori Lionel Messiga xuddi shu kabi qo‘pollik uchun sariq kartochka ko‘rsatilmaganiga ham e’tibor qaratishdi. Endi ushbu futbolchilar bir xil holatda. Amerikalik futbolchining diskvalifikatsiyasi to‘xtatildi.
Mavzuga oid
23:54 / 05.07.2026
Tramp Anqarada Zelenskiy bilan uchrashishi mumkin
23:22 / 05.07.2026
Oq uy FIFAdan Balogunning diskvalifikatsiyasini bekor qilishni so‘radi – OAV
05:49 / 05.07.2026
Putin Trampni mustaqillik bilan tabriklab, Rossiyaga taklif etdi
20:36 / 04.07.2026