Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
59 mamlakatda odam savdosi tarmoqlariga zarba berildi
Interpol koordinatsiyasida o‘tkazilgan yirik xalqaro operatsiya davomida dunyo bo‘ylab odam savdosi bilan shug‘ullangan 1000 dan ortiq shaxs ushlandi. Amaliyot natijasida 2000 dan ziyod jabrlanuvchi aniqlangan, ularning ayrimlari fohishalik, tilanchilik va jinoiy faoliyatga majburlangan.
Odam savdosiga qarshi xalqaro tarmoqlarga qaratilgan keng ko‘lamli amaliyot davomida 59 davlat politsiyasi butun dunyo bo‘ylab mingdan ortiq kishini hibsga oldi. Interpol ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olishlar Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa hamda Osiyoda besh kun davomida amalga oshirilgan.
Global Chain — “Global zanjir” kod nomi ostida o‘tkazilgan operatsiya Ruminiya va Avstriya huquq-tartibot idoralari tomonidan tashkil etilgan. Amaliyot Interpol, Yevropol, Ameripol va Yevropa chegara nazorati agentligi — Frontex koordinatsiyasida o‘tkazilgan.
Interpol ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya davomida odam savdosining 2000 dan ortiq qurboni aniqlangan. Ular orasida fohishalikka, tilanchilikka, shuningdek, jinoiy faoliyatda ishtirok etishga majburlanganlar ham bor.
Jabrlanganlarning aksariyati Argentina, Kolumbiya, Venesuela, Moldova va Nepal fuqarolari ekani bildirilgan. Ularning 10 foizi voyaga yetmaganlar bo‘lgan. Jinoiy guruhlar asosan ijtimoiy jihatdan zaif qatlam vakillarini nishonga olgan. Ular odamlarni aldash yoki majburlash orqali boshqa davlatlarga, hatto boshqa qit’alarga olib chiqib ketgan.
Xususan, Braziliyada odamlarni Kambojaga yuborib, internet firibgarligi bilan shug‘ullanuvchi markazlarda ishlashga majburlagan xalqaro jinoiy tarmoq faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Belgiyada esa internet orqali voyaga yetmaganlarni yollab, keyin ularni Belgiya va Fransiyada fohishalikka majburlaganlikda gumonlangan 17 kishi qo‘lga olingan.
Interpol odam savdosi hamon dunyodagi eng daromadli va keng tarqalgan uyushgan jinoyat turlaridan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Tashkilotga ko‘ra, bunday jinoyatlarga qarshi kurash ham global, muvofiqlashtirilgan va qat’iy bo‘lishi kerak.
Mavzuga oid
20:56 / 06.07.2026
O‘zbekistonda uyushgan jinoyatchilik darajasi past, ammo muammolar saqlanib qolmoqda - tadqiqot
20:20 / 21.06.2026
Interpol o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik uchun qidiruvda bo‘lgan shaxslarni O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi
13:14 / 07.06.2026
Olti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
09:34 / 18.04.2026