Jahon | 08:41
2640
3 daqiqa o‘qiladi

«Buyuk yashil devor»: inson yaratgan o‘rmonlar tabiatdan tezroq o‘smoqda

Xitoyning cho‘llanishga qarshi qaratilgan «Buyuk yashil devor» loyihasi doirasida ekilgan daraxtlar tabiiy o‘rmonlardagi daraxtlarga nisbatan tezroq o‘sishi aniqlandi. Olimlar bu holat sun’iy o‘rmonlarning atmosferadagi uglerod gazi miqdorining ortishiga boshqacharoq javob qaytarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Foto: AP

Xitoy 1978 yildan buyon insoniyat tarixidagi eng yirik o‘rmon barpo etish dasturlaridan biri — «Buyuk yashil devor» loyihasini amalga oshirib kelmoqda. Shu vaqtga qadar ushbu dastur doirasida taxminan 66 milliard tup daraxt ekilib, Gobi va Takla-Makon cho‘llari bo‘ylab ulkan yashil himoya kamari shakllantirildi.

Loyihaning asosiy maqsadi cho‘llanish jarayonini sekinlashtirish va qum bosishining oldini olishdan iborat. Ma’lumotlarga ko‘ra, Gobi cho‘li har yili Xitoyning 2,6 ming kvadrat kilometrdan ortiq yaylov va qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘z bag‘riga tortadi.

Geophysical Research Letters jurnalida e’lon qilingan yangi tadqiqotga ko‘ra, mazkur loyiha doirasida ekilgan sun’iy o‘rmonlarda daraxtlar tabiiy o‘rmonlarga nisbatan ancha tez o‘smoqda.

Tadqiqot muallifi, Pekin universitetining Shenchjen kampusi landshaft ekologi Yuyxan Loning ta’kidlashicha, bu hodisaning aniq sabablari hozircha to‘liq o‘rganilmagan. Biroq olimlar sun’iy o‘rmonlar atmosferadagi karbonat angidrid (CO₂) miqdorining ortishiga samaraliroq moslashayotgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Tadqiqotda olimlar sun’iy va tabiiy o‘rmonlarni sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari orqali taqqosladi. Ular daraxtlar barg qoplamining zichligini ifodalovchi indeksni tahlil qildi.

Natijalarga ko‘ra, sun’iy o‘rmonlarda barg qoplami maydoni tabiiy o‘rmonlarga qaraganda 66 foiz tezroq kengaygan.

Buning asosiy sabablaridan biri — yosh daraxtlar qariroq daraxtlarga nisbatan tabiiy ravishda tez o‘sishidir. Shuningdek, sun’iy o‘rmonlar muntazam parvarish qilinishi ham o‘sish sur’atiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qiziq jihati shundaki, bir xil yoshdagi va o‘xshash tabiiy sharoitdagi daraxtlar solishtirilganda ham sun’iy o‘rmonlar taxminan 4,6 foiz tezroq o‘sgan.

Olimlar eng yuqori o‘sish sur’ati daraxtlar 30–40 yillik bo‘lgan davrda kuzatilishini qayd etdi. Keyinchalik o‘sish sur’ati sekinlashadi.

Shu bilan birga, tadqiqotchilar tabiiy o‘rmonlar uzoq muddatda uglerodni saqlashda samaraliroq ekanini ta’kidlamoqda. Ular sekinroq o‘ssa-da, o‘nlab yillar davomida barqaror rivojlanadi va atmosferadan uglerodni uzoq vaqt davomida yutib boradi.

Mutaxassislar fikricha, ushbu natijalar kelgusida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish dasturlari va o‘rmon barpo etish strategiyalarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid