O‘zbekiston | 09:10
1074
2 daqiqa o‘qiladi

Suv tarmoqlaridagi qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

O‘zbekistonda suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda to‘lov intizomini buzish holatlariga qarshi nazorat choralari kuchaytirilmoqda. Joriy yil boshidan buyon 6 447 ta qonunbuzarlik aniqlanib, ular oqibatida jamiyat manfaatlariga 103,4 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Foto: Videodan kadr

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan qonunbuzarliklar natijasida keltirilgan zararning 22,3 mlrd so‘mlik qismi qoplanishi ta’minlangan.

Ma’lum qilinishicha, suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish amaldagi qonunchilikka muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shu munosabat bilan iste’molchilar o‘rtasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, to‘lovlarni amalga oshirish uchun qulay va zamonaviy to‘lov xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratilgan.

Qarzdorliklarni qisqartirish maqsadida joriy yilda 68,7 ming nafar qarzdor iste’molchiga nisbatan fuqarolik va iqtisodiy sudlarga jami 196,8 mlrd so‘mlik da’vo arizalari kiritildi. Hisobot davrida respublika bo‘yicha 20 ming nafar jismoniy va yuridik iste’molchi qarzdorligi sababli suv ta’minoti tarmog‘idan vaqtincha uzilgan.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida iste’molchilarning debitor qarzdorligi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 252 mlrd so‘mga, ya’ni 31 foizga kamaytirildi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suv xizmatlari sifatini yanada yaxshilash maqsadida 2026 yil oxirigacha amalga oshiriladigan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olingan.

Shu bilan birga, fuqarolar suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lsa, aksiyadorlik jamiyatining 55 503-10-55 ishonch telefoni yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali xabar berishga chaqirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish