Jamiyat | 11:30
1859
2 daqiqa o‘qiladi

YHXB: eng ko‘p uchrayotgan qoidabuzarliklar ma’lum qilindi

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati 2026 yil 4 fevraldan 10 iyulgacha bo‘lgan davrda yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun 399 269 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy ogohlantirish chorasi qo‘llanganini ma’lum qildi. Shuningdek, 671 nafar haydovchi 12 balldan ortiq jarima balli to‘plagan.

Foto: Kun.uz

Ma’lumotlarga ko‘ra, hisobot davrida eng ko‘p qayd etilgan qoidabuzarliklar xavfsizlik kamarini taqmasdan transport vositasini boshqarish, haydovchilik vaqtida mobil telefondan foydalanish, harakatlanish jarayonida video tomosha qilish, belgilangan tezlikni oshirish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish hamda yo‘l harakati qoidalari talablariga rioya etmaslik bilan bog‘liq bo‘lgan.

Shuningdek, piyodalar tomonidan yo‘lning qatnov qismini belgilanmagan joydan kesib o‘tish holatlari ham eng ko‘p uchragan qoidabuzarliklar qatoriga kiritilgan.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qilishicha, hozirga qadar 671 nafar haydovchi 12 balldan ortiq jarima balli to‘plagan. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, bunday hollarda ularga nisbatan belgilangan tartibda javobgarlik choralari qo‘llanadi.

YHXB haydovchilar va piyodalarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirib, bu yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va barcha harakat ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid