O‘zbekiston | 09:02
1748
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjatda safarbarlikni tashkil etishning huquqiy asoslari, davlat organlarining vakolatlari hamda harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni bronlashtirish tartibi takomillashtirilgan bo‘lib, loyiha ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.

Foto: Kun.uz

Qonun loyihasiga ko‘ra, safarbarlik mamlakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida davlat organlari, tashkilotlar, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini urush davri sharoitida faoliyat ko‘rsatishga tayyorlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini nazarda tutadi.

Shuningdek, davlat uchun muhim vazifalarni uzluksiz bajarishni ta’minlash maqsadida ayrim xodimlarni harbiy xizmatga chaqirishdan vaqtincha ozod etishni nazarda tutuvchi bronlashtirish tartibi ham belgilanmoqda.

Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanish jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida qayta ishlangan. Unda huquqiy tushunchalar aniqlashtirilib, amaldagi qonunchilikda qo‘llanilayotgan atamalar bilan muvofiqlashtirilgan, takrorlanuvchi va ortiqcha normalar chiqarib tashlangan.

Hujjatda safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlikning asosiy prinsiplari ham huquqiy jihatdan takomillashtirilgan. Shu bilan birga, prinsip xususiyatiga ega bo‘lmagan ayrim normalar chiqarilib, qonunning huquqiy aniqligi va uni qo‘llashda yagona yondashuvni ta’minlashga e’tibor qaratilgan.

Loyihada parlament, hukumat, vazirlik va idoralarning safarbarlik sohasidagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqilgan. Davlat safarbarlik rejasini tasdiqlash, chaqiriluvchilar va harbiy xizmatga majburlarni bronlashtirish, shuningdek, davlat safarbarlik zaxirasini shakllantirish bilan bog‘liq huquqiy mexanizmlar yanada aniqlashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat safarbarlik rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish, safarbarlik resurslari hamda davlat safarbarlik zaxirasini shakllantirishga oid tartiblar takomillashtirilgan. Asosiy safarbarlik tadbirlari tizimlashtirilib, o‘zaro takrorlanuvchi va ortiqcha normalar qisqartirilgan.

Deputatlar ta’kidlashicha, qonun qabul qilinishi safarbarlik sohasidagi munosabatlarni yagona huquqiy asosda tartibga solish, davlat organlari va tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, vakolat hamda majburiyatlarni aniq belgilash, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish