Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qanday qilib Emirates bortkuzatuvchisi bo‘lish mumkin?
Emirates dunyoning turli mamlakatlaridan bortkuzatuvchilarini ishga qabul qiladi va O‘zbekiston fuqarolari ham tanlovda ishtirok etishlari mumkin. Ishga qabul qilinish uchun nomzod aviakompaniya talablariga javob berishi, ariza topshirishi, Assessment Day bosqichidan o‘tishi va tanlovning qolgan bosqichlarini ham muvaffaqiyatli yakunlashi kerak. Biz Emirates qanday talablarni qo‘yishi, tanlov qanday o‘tishi va hujjatlarni topshirishdan oldin nimalarni bilish muhimligi haqida ma’lumot to‘pladik.
O‘zbekistondan Emirates’ga ishga qanday kirish mumkin?
O‘zbekiston fuqarolari Emirates’ga to‘g‘ridan to‘g‘ri ariza topshirishlari mumkin, fuqarolik bo‘yicha cheklovlar yo‘q.
Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi talablarga javob berish lozim:
● 21 yoshdan kichik bo‘lmaslik;
● kamida o‘rta ma’lumotga ega bo‘lish;
● ingliz tilini og‘zaki va yozma ravishda erkin bilish;
● bo‘yi kamida 160 sm bo‘lishi va oyoq uchida turgan holda 212 sm balandlikka yeta olish;
● mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohasida kamida bir yillik ish tajribasiga ega bo‘lish;
● Emirates formasini kiyganda ko‘rinib turadigan tatuirovkalarga ega bo‘lmaslik;
● Dubayga ko‘chib o‘tish va u yerda ishlashga tayyor bo‘lish.
Emirates’ga ariza qanday topshiriladi?
Agar talablarga javob bersangiz, keyingi bosqich — Emirates’ning rasmiy karera portali orqali onlayn ariza topshirish hisoblanadi. Aviakompaniya nomzodlarning anketalarini shu portal orqali qabul qiladi va bortkuzatuvchilarini ishga qabul qilish bo‘yicha tadbirlar jadvalini e’lon qiladi.
Ariza topshirish uchun quyidagilarni bajarish lozim:
-
Emirates Group Careers saytiga o‘tish
-
Qidiruvda Cabin Crew vakansiyalarini topish
Kun.uz -
Apply’ni bosish, ro‘yxatdan o‘tish yoki shaxsiy kabinetga kirish.
Kun.uz -
Anketa to‘ldirish va rezyume yuklash.
Tadbirlar jadvali muntazam yangilanib turadi, shuning uchun ariza berishdan oldin rasmiy saytda dolzarb sanalarni tekshirish kerak.
Emirates’ga tanlov qanday o‘tadi?
Anketa ko‘rib chiqilgandan so‘ng nomzodlar tanlovning ikki shaklidan biri — Open Day yoki Assessment Day bosqichiga taklif qilinadi. Qaysi bosqichdan o‘tish lozimligi ariza qanday tarzda topshirilgani va rekruterlar qanday qaror qabul qilganiga bog‘liq.
Open Day
Open Day — tanlovning ochiq kuni bo‘lib, unda istalgan kishi ishtirok etishi mumkin. Ishtirok etish uchun oldindan taklifnoma talab etilmaydi.
Odatda Open Day'da raqobat juda yuqori bo‘ladi. Kun davomida rekruterlar dastlabki saralashni o‘tkazadi va eng munosib ishtirokchilarni tanlovning keyingi bosqichlariga taklif qiladi.
Assessment Day
Assessment Day — tanlovning yopiq bosqichi bo‘lib, unda faqat Emirates taklifi bo‘yicha ishtirok etishi mumkin. Bundan oldin rekruterlar nomzodning rezyumesi va anketasini o‘rganib chiqadi hamda ularning fikricha vakansiya talablariga eng yaxshi javob beradigan nomzodlarni taklif qiladi.
Odatda Assessment Day bosqichida 50–100 nafar nomzod ishtirok etadi, shuning uchun raqobat Open Day'ga nisbatan ancha past. Shu sababli sifatli tuzilgan rezyume muhim ahamiyatga ega, chunki u to‘g‘ridan to‘g‘ri Assessment Day bosqichiga taklif olish imkoniyatini oshiradi.
Emirates uchun rezyume qanday yoziladi?
Aynan rezyume tanlovning birinchi bosqichi hisoblanadi. Nomzod Assessment Day bosqichiga taklif olishi yoki faqat Open Day'da ishtirok etishi uning qay darajada to‘g‘ri va puxta tuzilganiga bog‘liq.
Rezyume tuzishda quyidagilar tavsiya etiladi:
● barcha ma’lumotni bir sahifaga joylashtirish;
● oq fondagi fotografiyadan foydalanish (ayollar uchun — tartibli makiyaj va sochlar yig‘ishtirilgan);
● bo‘yini ko‘rsatish;
● rezyume boshida «O‘zi haqida» qisqa blok qo‘shish;
● xizmat ko‘rsatish sohasidagi ish tajribasi va ingliz hamda boshqa tillarni bilish darajasini yozish;
● bortkuzatuvchi uchun muhim bo‘lgan kirishimlilik, jamoada ishlash, stressga chidamlilik va nostandart vaziyatlarni hal qila olish qobiliyatlarini ko‘rsatish;
● matnda imlo xatolari bo‘lmasligiga e’tibor qaratish.
Arab tilini bilish shart emas, lekin qo‘shimcha ustunlik berishi mumkin.
Assessment Day’ga qanday kiyinib borish kerak?
Tashqi ko‘rinish – nomzodni baholash mezonlaridan biri. Emirates nomzodning aviakompaniya korporativ kiyinish uslubiga imkon qadar yaqin bo‘lgan uslubda kelishini kutadi.
Ayollar uchun klassik ishbilarmon uslubidagi kostyum tavsiya etiladi: tizzadan pastga tushadigan qora qalam-yubka, oq ko‘ylak, qora pidjak va baland poshnali yopiq qora tufli. Sochlar, odatda, yig‘ishtiriladi, makiyaj me’yorida qilinadi, ko‘pincha Emirates korporativ uslubiga mos qizil lab bo‘yog‘idan foydalaniladi.
O‘zi bilan quyidagilarni olib kelish kerak:
● qog‘ozga chiqarilgan rezyume;
● pasport va taklifnomada ko‘rsatilgan boshqa hujjatlar;
● Emirates saytidagi shaxsiy kabinetga kirish uchun ma’lumotlar.
Assessment Day butun kunni oladi, shuning uchun ertaroq kelish kerak. Kech qolish tanlovga kiritilmaslikka sabab bo‘lishi mumkin.
Assessment Day qanday o‘tadi?
Assessment Day bir nechta bosqichdan iborat, har birida nomzodlarning turli ko‘nikmalari baholanadi.
O‘zini tanishtirish. Nomzodga o‘zi haqida gapirib berish uchun ikki daqiqa vaqt beriladi. Ishonch bilan, uzoq tanaffuslarsiz gapirish hamda qo‘shimcha savollarga, masalan, sayohat qilish uchun eng sevimli yo‘nalish haqidagi savollarga javob berishga tayyor bo‘lish lozim.
Jamoaviy topshiriq. Ishtirokchilar jamoalarga bo‘linadi va umumiy vazifani bajarish taklif etiladi. Rekruterlar yetakchilik qobiliyatini emas, balki boshqalarni tinglash, g‘oyalar taklif qilish, hamkasblar fikrini hurmat qilish va murosaga kelish kabi jamoada ishlash ko‘nikmasini baholaydi.
Ingliz tilidan test. Odatda bu yozma topshiriq bo‘lib, unda grammatikani bilish, matnni tushunish va til bilishning umumiy darajasi tekshiriladi.
Yakuniy suhbat. So‘nggi bosqichda nomzodning avvalgi ish tajribasi, motivatsiyasi va murakkab vaziyatlardagi xatti-harakatlari haqida savollar beriladi. Ko‘pincha «Nima uchun Emirates'da ishlashni xohlaysiz?» va «Mijoz bilan yuzaga kelgan nizoni hal qilishga to‘g‘ri kelgan holat haqida so‘zlab bering» kabi savollar uchraydi. Javoblarni STAR metodikasi asosida berish tavsiya etiladi: vaziyatni, qo‘yilgan vazifani tavsiflash, o‘z harakatlari va natijani bayon qilish.
Emirates bortkuzatuvchilari qancha maosh oladi?
Emirates bortkuzatuvchilari daromadi bir nechta qismdan iborat. Belgilangan maoshdan tashqari, xodimlar parvoz soatlari uchun to‘lov va safarlar uchun sutkalik haq olishadi.
Emirates ma’lumotlariga ko‘ra, maoshga quyidagicha:
● bazaviy maosh — oyiga 4 980 AED;
● parvoz soatlari uchun to‘lov — parvozning har bir soati uchun 69,6 AED;
● Dubaydan tashqarida tunaganlik uchun sutkalik haq.
Oyiga o‘rtacha 80–100 soat parvozda jami 11 244 AED (taxminan 3 061 dollar) olish mumkin.
Ish haqidan tashqari, kompaniya xodimlarni Dubayda turar joy bilan ta’minlaydi, aeroportga borish va qaytish uchun transfer tashkil qiladi hamda ish boshlashdan oldingi 7,5 haftalik o‘quv dasturi xarajatlarini ham qoplaydi. BAAda jismoniy shaxslarning daromadlari soliqqa tortilmaydi.
Tajriba orttirib borgan sari bortkuzatuvchilar biznes va birinchi klass yo‘lovchilariga xizmat ko‘rsatishga o‘tishlari, keyinchalik esa Cabin Supervisor va Purser lavozimlariga da’vogar bo‘lishlari mumkin. Bu mas’uliyat darajasi va ish haqining oshishi bilan birga kechadi.
Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng nima bo‘ladi?
Agar nomzod tanlovning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tsa, Emirates unga ish taklifini (Job Offer) yuboradi. Taklif qabul qilingach, BAAga ko‘chib o‘tish uchun ish vizasi hamda boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni boshlanadi.
Shundan so‘ng bo‘lajak bortkuzatuvchi Dubayga ko‘chib o‘tadi va u yerda majburiy haq to‘lanadigan o‘quv kursini o‘taydi. Ushbu kursni muvaffaqiyatli tamomlaganidan keyingina yangi xodimlarga reyslarda ishlashga ruxsat beriladi.
Ariza berishdan oldin nimalarni bilish kerak?
● O‘zbekiston fuqarolari Emirates’da ishlashlari mumkin, fuqarolik bo‘yicha cheklovlar yo‘q.
● Sifatli rezyume Open Day o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri Assessment Day’da qatnashish imkoniyatini oshiradi.
● Mijozlar bilan ishlash tajribasi ustunlik beradi. Mehmonxona, restoran, turizm, bank, do‘kon yoki boshqa xizmat ko‘rsatish sohalari mos keladi.
● Assessment Day nafaqat bilimlarni, balki shaxsiy sifatlarni ham baholaydi. Rekruterlar jamoada ishlash, odamlar bilan muloqot qilish va stressli vaziyatlarda xotirjamlikni saqlay olish salohiyatiga e’tibor qaratishadi.
● Dolzarb vakansiya va sanalar faqat Emirates rasmiy saytida e’lon qilinadi, shuning uchun ariza berishdan oldin u yerdagi ma’lumotlarni tekshirish tavsiya etiladi.
Mavzuga oid
21:07 / 05.10.2024
Emirates yo‘lovchilarning samolyot bortiga peyjyer va ratsiyalar olib chiqishini taqiqladi
21:24 / 10.08.2021
Styuardessa yorqin reklama uchun dunyodagi eng baland bino uchida 5 soat o‘tkazdi
17:09 / 10.01.2019
Ekstremal sharoitda eng katta samolyotning xavfli qo‘nishi videoga olindi
15:29 / 18.10.2018