Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
20 iyuldan keyin issiq asta-sekin chekina boshlaydi
17–20 iyul kunlari O‘zbekiston bo‘ylab ekstremal issiq saqlanib, ayrim hududlarda havo harorati 48 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, 21 iyuldan boshlab respublika hududi bo‘ylab harorat asta-sekin pasaya boshlaydi.
O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, bugun va dam olish kunlari O‘zbekiston hududi bo‘ylab issiq yanada kuchayadi. Kunduzi havo harorati 42–45 darajagacha, janubiy va cho‘l hududlarda esa 46–48 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Shamol tezligi sekundiga 9–14 metrni tashkil etadi. Ayrim joylarda u 15–18 metr/sekundgacha kuchayishi, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa ba’zida 20–22 metr/sekundgacha yetib, chang-to‘zonlar kuzatilishi ehtimoli bor.
20 iyul, dushanba kuni respublika hududining katta qismida ekstremal issiq saqlanib qoladi. Faqat mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududlarida havo harorati pasayishi boshlanishi kutilmoqda.
21 iyul, seshanba kuni esa issiq butun respublika bo‘ylab asta-sekin chekina boshlaydi. Prognozlarga ko‘ra, havo harorati o‘rtacha 6–9 darajaga pasayadi.
Toshkent shahrida asosan kam bulutli ob-havo kuzatiladi. Bugun kunduzi havo 41–43 daraja, shanba va yakshanba kunlari esa 43–45 darajagacha isiydi. Kechasi havo harorati 25–28 daraja atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.