Jahon | 18:07
1191
2 daqiqa o‘qiladi

Manchesterning sobiq meri Britaniya bosh vaziri bo‘ladi

56 yoshli Endi Byornem 20 iyul kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimiga kirishadi.

Endi Byornem Foto: Yui Mok/PA

Buyuk Britaniyada hukmron Leyboristlar partiyasining Milliy ijro qo‘mitasi 17 iyul kuni Manchester shahrining sobiq meri Endi Byornemni partiyaning yangi yetakchisi deb e’lon qildi.

Byornem 379 nafar deputatning qo‘llab-quvvatloviga erishdi, ayni paytda boshqa hech kim partiya yetakchisi saylovida unga raqib bo‘lish uchun yetarlicha nomzodlik ovozini to‘play olmadi.

20 iyul kuni Byornem Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimiga kirishadi. Leyboristlar parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinni saqlab qolayotgani tufayli partiyaning yangi yetakchisi saylanishi uning avtomatik tarzda hukumat rahbari etib tayinlanishini anglatadi.

Byornemning saylanishi oldidan, 2026 yil 22 iyunda avvalgi bosh vazir Kir Starmerning iste’foga chiqqani e’lon qilingan edi. Starmer parlament fraksiyasi va Vazirlar mahkamasi a’zolari ishonchini yo‘qotgani sababli o‘z lavozimini tark etishga majbur bo‘ldi. Siyosatchining muammolari may oyida Angliya munitsipal kengashlari, shuningdek, Uels va Shotlandiya parlamentlariga o‘tkazilgan saylovda Leyboristlar partiyasi mag‘lubiyatga uchrab, 1,5 mingdan ortiq o‘rindan ayrilganidan so‘ng yanada og‘irlashdi.

Saylanganidan so‘ng so‘zlagan nutqida Byornem bo‘lajak vazirlar mahkamasining tarkibi bo‘yicha hali bir to‘xtamga kelmaganini, biroq uning yuqori martabali vazirlardan iborat jamoasi partiyaning barcha fraksiyalari manfaatlarini ifoda etishini ma’lum qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid