Iqtisodiyot | 16:08 / 09.05.2016
9380
2 daqiqa o‘qiladi

Dubayda 813 karatli olmos 63 mln dollarga baholanib, eng qimmatbaho toshga aylandi

Dubaydagi Nemesis International DMCC kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilgan kimoshdi savdosida 63 mln dollarga sotib olingan olmos shu vaqtgacha sotilgan qimmatbaho toshlar orasida eng qimmatbahosiga aylandi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar tarqatgan.

Ushbu ishlov berilmagan olmos 813 karat og‘irlikda bo‘lib, uni ofisi Vankuver shahrida joylashgan Lucara Diamond Corp kompaniyasi Botsvanadagi kondan topgan.

"Bu baland narx Lucara uchun yanada baland narx berilishini ta'minlaydi. 63 million dollar kutilganidan ham a'lo bo‘ldi", degan BMO Capital Markets analitigi Edvard Stek. 

Bundan oldinroq, Botsvanadagi Karowe shaxtasidan topilgan yana bir sayqallanmagan 1109 karatli olmos 29 iyun kungi kimoshdi savdosiga qo‘yilgani ma'lum qilingandi. 

Auktsion uyi tennis koptogi kattaligidagi ishlov berilmagan bu Lesedi la Rona («Bizning yog‘dumiz») nomli toshning 70 million dollarga sotilishini kutmoqda.

Sotheby’s savdo uyi mutaxassisi so‘zlariga ko‘ra, olmos kattalik va sifat jihatidan a'lo darajada. "Shu paytgacha ochiq savdoga qo‘yilgan olmoslarning barchasi Lesedi la Rona’ga yetishiga ancha bor", — deya ta'kidladi u.

Olmos Lucapa Diamond Company kompaniyasi tomonidan Botsvanada 2015 yil noyabrida topilgan edi. Bu tosh keyingi 100 yil ichida topilgan eng yirik qimmatbaho tosh hisoblanadi. Uning yoshi 3 milliard yildan oshadi.

Mavzuga oid