O‘zbekiston | 07:32 / 14.05.2016
21503
5 daqiqa o‘qiladi

Reportaj: Andijonda “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar festivali yakuniga yetdi

Biz Andijonda o‘tkazilgan tadbirlar davomida yoshlar qalbida o‘z Vataniga, Mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik va sobitlik hissini, tinch va osuda yurtda kamol topayotganidan yuragi g‘urur va iftixorga to‘la ekanligini yana bir bor kashf etdik.       

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan mamlakatimiz miqyosida tashkil etilgan shu nomli yoshlar festivalining Andijon viloyatidagi uchinchi kuni ham ko‘tarinki ruhda o‘tganiga guvoh bo‘ldik. Targ‘ibot guruhi vakillari viloyatning Andijon tumani va Andijon shahrida bo‘ldilar . 

Kuning birinchi yarmida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dono Boboxonova, “Nihol” mukofoti sovrindori Gulzoda Xudoynazarova, aktyor Rusulxon Qodirxonov, xonanda Botir Qodirov, mumtoz qo‘shiqlar ijrochisi Dilmurod Otajonovlardan iborat guruh - moderator Navro‘za Yahyoyeva boshchiligida Andijon shahridagi “Saxovat uyi” va kasb-hunar kollejida uchrashuvlarda bo‘ldi. 

“Nuroniylar e'zozimizda” deb nomlangan loyiha asosida o‘tkazilgan Saxovat uyidagi ilk uchrashuv davomida qariya ota  va onaxonlarning dillarida o‘chmas quvonch uchqunlari porladi desak mubolag‘a bo‘lmas. Sevimli aktrisamiz Dono Boboxonovaning chiqishlari olqishlar bilan kutib olindi. Xonanda Dilmurod Otajonovning sho‘h xorazmcha yallalari esa barchani davraga tortdi. Botir Qodirov muassasadagi ko‘ngli yarim insonlar bilan birga qo‘shiq aytib birga o‘ynadi. Topib aytilgan so‘zda sehr bor deydilar, Navro‘za Yahyoyevaning yurtimizda samarali olib borilayotgan islohotlar davomida aholi turmush darajasini oshib borayotganligi va mana shunday tinch va osuda yurtda umrguzaronlik qilish baxt ekanligi haqida aytgan so‘zlari yig‘ilganlarning olqishlariga sabab bo‘ldi.  

Andijon bank kasb-hunar kolleji o‘quvchilari bilan “Ommaviy madaniyat va yoshlar ma'naviyati” loyihasi asosida o‘tkazilgan tadbirda yurtimiz yoshlarining bugungi kunda barcha sohalarda qo‘lga kiritib kelayotgan ulkan yutuqlari, shu bilan birga, hozirgi murakkab zamonda yoshlarimiz ongini milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan zararli g‘oyalar ta'siridan himoya qilishga har birimiz jiddiy yondoshishimiz lozimligi e'tirof etildi. Yosh avlod vakillari taniqli xonandalarning sho‘h qo‘shiqlariga raqsga tushib, ona Vatanimizni tarannum etuvchi ashulalarga jo‘r bo‘ldilar.   
“Sog‘lom avlod” stadionida yigirma mingga yaqin tomoshabin ishtirokidagi bo‘lib o‘tgan yakuniy gala konsert mahobatini esa ta'riflashga til ojiz. Andijon yoshlari gala-konsert oldidan taniqli san'atkorlar va faol yoshlar jamoalari o‘rtasidagi  Futbol shousini tamosha qilishdi. Kulgili sahnalar bilan yo‘g‘rilgan tamosha edi, bu.  

Shundan so‘ng Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov hamda “Kamolot” YoIH Markaziy Kengashi raisi Bahodir G‘aniyevlar so‘zga chiqib, barchani mana shunday shodiyona bilan qutladilar. 
Festivalda faol qatnashgan tashkilotchilar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

Yoshlar simfonik orkestrining ajoyib o‘zbekona ohanglardan iborat dasturi, viloyat iqtidorli sportchi yoshlarining chiqishlari, taniqli, el suygan san'atkorlar tomonidan ijro qilingan kuy va qo‘shiqlari tadbirni bezadi.  Bir so‘z bilan aytganda, o‘yingohda yig‘ilgan mustaqil diyorimiz yoshlarining yakuniy tadbirda o‘tgan har bir lahzasi  qalblarida bir umrga yodda qolishi aniq. 
Andijonda “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” shiori ostida bo‘lib o‘tgan yoshlar festivali mavzusiga navbatdagi maqolamizda mufassal to‘htalamiz.

Elmurod ERMATOV, Andijon
 

Mavzuga oid