12:41 / 07.07.2016
6085

Xitoy tropik Afrikaga 5 yil ichida 13 milliard dollar investitsiya qildi

Xitoy 2010-2015 yillar davomida Saxara janubidagi mamlakatlardagi elektr inshootlarini qurishga 13 milliard dollar investitsiya qilgan. Bu haqida Xalqaro energetik agentlikning hisobotiga asoslanib, RIA “Novosti” xabar qildi

“2010 yildan 2015 yilga qadar Xitoyning Afrika mamlakatlaridagi elektr inshootlari sektorining rivojlanishiga ajratgan zayom, kredit va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari 13 milliard dollarni tashkil qilgan, bu mintaqaning ushbu sektoriga ajratilayotgan xorijiy investitsiyalarning 1/5 qismi, demakdir”, deyiladi hisobotda.  

Xitoy kompaniyalari 2010 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida mintaqaning 54 mamlakatidan 37tasida 200dan ortiq loyihani amalga oshiradi. Loyihalarning 90 foizi Xitoyning 5ta asosiy davlat kompaniyalari Sinohydro, Gezhouba, SEPCO, CWE, CNEEC tomonidan amalga oshiriladi. 

Xitoy kompaniyalari turli elektr inshootlari qurishmoqda: quyosh energiyasida, shamol energiyasida, biomassada, gazda; biroq eng asosiysi – gidroelektr stansiyalari.  

 “Xitoyning Afrika va boshqa mamlakatlardagi turli loyihalari ularning kompaniyalari xalqarolashuviga yordam beradi. Xitoy iqtisodiyotining sekinlashuvi, shuningdek ishlab chiqarish quvvatining me'yoridan ko‘pligi Xitoy kompaniyalarini mamlakat tashqarisidan mijoz izlashga majbur qiladi”, - deyiladi tadqiqotda.

Manbaga ko‘ra, xitoylik investorlar Afrikadagi sanoatlashtirish va iqtisodiy rivojlanishni Xitoy tovarlarini mintaqaga eksport qilishda muhim qadam deb hisoblashadi. 

Top