O‘zbekiston | 22:06 / 05.08.2016
21736
2 daqiqa o‘qiladi

MTS UMS qo‘shma korxonasidagi ulushini sotdi

Rossiyaning MTS kompaniyasi 5 avgust kuni kechqurun o‘zining O‘zbekistonda tashkil etilgan Universal Mobile Systems (UMS) qo‘shma korxonasidagi 50,01 foizlik ulushini sotgani haqida ma'lum qildi.

Rossiya operatori tarqatgan press-relizda qayd etilishicha, aksiyalar nazorat paketi O‘zbekiston respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi "Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi" Davlat unitar korxonasi ixtiyoriga o‘tgan.

"Biznesga oid bir qator sabablar va boshqa shart-sharoitlar tufayli MTS UMS qo‘shma korxonasidagi o‘z ulushini sotish qarorini qabul qildi", degan MTSning xorijiy kompaniyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Andrey Smelkov.

2014 yilning 23 sentabrida MTS UMS ustav kapitalining 50,01 foizini beg‘araz asosda qabul qilib olgandi. Aktsiyalarning qolgan 49,99 foizi Radioaloqa, radiouzatish va televideniye markaziga tegishli edi.

4 avgust kuni Rossiya nashrlarida MTS kompaniyasining avgust oxiriga qadar UMS ta'sischilari tarkibidan chiqish imkoniyatlari to‘g‘risida xabar qilindi.

Keyinroq UMS uzoq muddatli rejalarini tatbiq qilishda davom etishi haqida xabar berilgandi.

UMS O‘zbekiston hududida 2014 yil 1 dekabrdan tijoriy mobil aloqa tarmog‘ini ishga tushirgan. 2016 yil boshida UMS abonentlar bazasi 1,095 millionga yetgandi.